Men talabaman, birinchi kursda o‘qiyman. Arab tili filologiyasi yo‘nalishiga topshirganman, chunki maqsadim — Qur’onni o‘rganganimda har bir so‘zning ma’nosini chuqur tushunish. Biroq, ba’zan xayolimga turli sevgi haqidagi fikrlar kelib qoladi. Men hech qachon munosabatda bo‘lmaganman va dinimni yaxshi o‘rganmaguncha bo‘lmaydi ham, deb hisoblayman. Shu sababdan, menga tartibli va intizomli bo‘lish qiyin bo‘layapti. Ba’zan sevgi haqidagi xayollar o‘zim bilmagan holimda ongimga kela veradi. Vaqtim va xayollarimni boshqarish muammo bo‘lib qolgan.
Bismillahir Rohmanir Rohim. Qur’oni Karimni chuqur anglash uchun ilm talab qilish eng sharafli yo‘llardan biridir. Sizning yoshingizda turmush qurish, sevgi va muhabbat haqidagi xayollarning kelishi tabiiydir. Islom dini bu tuyg‘ularni inkor etmaydi, balki ularni pok va halol yo‘l – nikoh orqali tartibga soladi. Siz bu xayollar bilan kurashib, diqqatingizni darsga qaratishga urinishingiz, nafsga qarshi chiqishingiz lozim.
Bu holatda sizga eng yaxshi maslahat – vaqtingizni va fikr-xayolingizni butkul asosiy maqsadingiz – ilmga bag‘ishlashdir. Nafs shunday narsaki, agar siz uni haq bilan mashg‘ul qilmasangiz, u sizni botil bilan mashg‘ul qiladi. Xayolingiz chalg‘igan payt "A’uzu billahi minash-shaytonir-rojiym" deb, Allohdan yordam so‘rang va darhol fikringizni o‘qiyotgan darsingizga qarating. Ilm olish yo‘lida sabr qilib, nafl ro‘zalarni ko‘paytirishingiz ham intizomingizni kuchaytirib, fikringizni jamlashga katta yordam beradi. Vallohu a’lam.