Biz qarindoshlar bilan yig‘ilganda ko‘plab nomahram opalarim bilan ko‘rishishga to‘g‘ri keladi. Ko‘rishgandayam yuzni bir-biriga tekkazib ko‘rishish kerak bo‘ladi. Bilaman gunoh, qaytarishni iloji yo‘q, chunki gap aytsam "Sen faloniysan, tugunsan" degan gaplar bo‘ladi. Kattalar beparvo, nima qilay ustoz?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Nomahram ayol qizlar bilan qo‘l berib ko‘rishish shar’an nojoiz ishdir. Qarindoshlaringizni “Sen faloniysan, tugunsan” degan gaplariga e’tibor bermang. Ularning gaplari hech bir asosga ega emas. Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan bu to‘g‘risida bir qancha hadislar kelgan:
عن معقل بن يسار رضي الله عنه قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: "لأن يُطعن في رأس أحدكم بمخيط من حديد خير له من أن يمسّ امرأة لاتحلّ له." رواه الطبراني
“Sizlardan birortangiz o‘ziga halol bo‘lmagan ayolni ushlagandan ko‘ra, boshiga temirdan bo‘lgan igna sanchilishi yaxshiroqdir” deganlar. (Imom Tabaroniy rivoyati).
Dinimizdan uzoqlashib, o‘zligimizni unutib, o‘zga millatlar madaniyatiga ergashish, ularga ko‘r-ko‘rona taqlid qilish oqibatida, hozirda dinimizga yot bo‘lgan noma’qul ishlar oddiy hol bo‘lib qoldi. Shulardan biri nomahram ayollar bilan qo‘l berib ko‘rishishdir. Hatto odamlarga shariat hukmlaridan gapirib hujjat keltirsangiz, sizni dinda chuqur ketgan, dinni qiyinlashtirganlikda ayblab, “insonni o‘zida bo‘lsa bo‘ldi, o‘zinga to‘g‘ri bo‘lsang bo‘ldi” kabi gaplarni keltiradilar.
Amma, amaki, xola va tog‘alarning qizlari hamda kelin va kelinoyilar bilan qo‘l berib ko‘rishish ham ana shunday tushunchalarning samarasi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Holbuki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
ولأن يزحم رجل خنزيرا متلطخا بطين أو حمأة خير له من أن يزحم منكبه منكب امرأة لا تحل له. رواه الطبراني
“Kishining yelkasi o‘ziga halol bo‘lmagan ayolning yelkasiga tegishidan ko‘ra, u uchun loy va balchiqqa bulangan to‘ng‘izga tegishi yaxshiroqdir” deganlar (Imom Tabaroniy rivoyati). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.