Ayoli bor bo‘lib turib, boshqa bir ayolning rasmlariga qarash, ko‘rish, qidirish zino hisoblanadimi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Nomahram ayol-qizlarning bevosita o‘ziga yoki suratiga zaruratsiz qarash shar’an harom amal hisolanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday degan:
قُل لِّلْمُؤْمِنِينَ يَغُضُّوا مِنْ أَبْصَارِهِمْ وَيَحْفَظُوا فُرُوجَهُمْ ذَلِكَ أَزْكَى لَهُمْ إِنَّ اللَّهَ خَبِيرٌ بِمَا يَصْنَعُونَ
ya’ni: “Mo‘minlarga ayt, ko‘zlarini tiysinlar va farjlarini saqlasinlar. Ana shu ular uchun pokdir. Albatta, Alloh nima hunar qilayotganlaridan o‘ta xabardordir” (Nur surasi 30-31-oyatlar).
Ushbu oyati karimada zinoga sabab bo‘luvchi eng bosh omil – erkaklarning nomahram ayollarga shahvat nazari bilan qarashlari ekaniga ishora bor. Nabiy sallallohu alayhi vasallam bunday qarashlarni «ko‘z zinosi» deb ataganlar.
إِنَّ اللَّهَ كَتَبَ عَلَى ابْنِ آدَمَ حَظَّهُ مِنَ الزِّنَى، أَدْرَكَ ذَلِكَ لَا مَحَالَةَ، فَزِنَى الْعَيْنِ النَّظَرُ، وَزِنَى اللِّسَانِ الْمَنْطِقُ، وَالنَّفْسُ تَمَنَّى وَتَشْتَهِي، وَالْفَرْجُ يُصَدِّقُ ذَلِكَ كُلَّهُ وَيُكَذِّبُهُ ".(رواه الإمام البخاري عن أبي هريرة رضي الله عنه)
ya’ni: “Odam bolasiga zinodan bo‘lgan nasibasi yozilgandir. Ikki ko‘zning zinosi – nazar solishdir. Tilning zinosi – gapirishdir. Ikki quloqning zinosi – eshitishdir. Ikki qo‘lning zinosi – ushlashdir. Ikki oyoqning zinosi – yurib borishdir. Nafs orzu va ishtaha qiladi, farj esa uni yo ro‘yobga chiqaradi, yo yolg‘onga chiqaradi” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Imom Termiziy Burayda raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Ey Ali, nazarga nazarni ergashtirma! Birinchisi foyda bo‘lsa, ikkinchisi senga zarardir”, – deganlar.
Darhaqiqat, birinchi nazarda zarur maqsad hosil bo‘ladi. Ammo ketma-ket qarash, avval aytilganidek, shahvat qo‘zg‘atadi. Shuningdek, bexosdan nazar tushishi ham gunoh emas. Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda Abdulloh Bajariy raziyallohu anhu: “Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallamdan bexosdan tushgan nazar haqida so‘ragan edim, ko‘zimni boshqa tomonga burishni amr qildilar”, – deganlar. Islomda erkaklar nomahram ayollarga shahvat nazari bilan qarashdan qaytarilibgina qolmay, balki bu amrga rioya etganlari uchun ajru savob ham va’da qilinadi.
Imom Tabariy Abdulloh ibn Mas’ud raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi qudsiyda Alloh taolo aytadi: “Albatta, (nomahramga) nazar qilish iblisning zaharlangan o‘qlaridan biridir. Kim Mendan qo‘rqib, u(nazar)ni tark qilsa, badaliga bir iymon beramanki, uning halovatini o‘z qalbida topadi”.
Imom Ahmad Abu Umoma raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Qaysi bir musulmon birorta ayolning ziynatlariga nazari tushsa-yu, so‘ngra ko‘zini olib qochsa, albatta, Alloh uni shunday ibodatga almashtiradiki, uning halovatini topadi”, – deganlar.
Nomahram ayollarga nazar solmaslik haqidagi amrdan bir necha holatlar istisno qilingan. Masalan, bir odam uylanmoqchi bo‘lsa, u ayolga nazar solishi mumkin. Imom Ahmad Abu Humayddan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Sizlardan biringiz biror ayolga uylanmoqchi bo‘lsa, unga nazar solishida gunoh yo‘qdir, chunki u uylanish niyatida nazar soladi”, – deganlar. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.