Bir o‘rtog‘im bilan namoz o‘qidik. O‘rtog‘im imom bo‘ldi va bir rakatda uchta surani zam sura sifatida o‘qidi. Ikkinchi rakatda esa Qur’oni karimni oxirgi uch surasini o‘qida va Fotiha surasini ham o‘qib ruku qildi. Shunday qilish joizmi?
Bismillahir Rohmanir Rohim. Zam suraga 2-3 ta surani o‘qish joiz. Lekin farz namozlarda bir oyat yo surani bir rakatni o‘zida yoki keyingi rakatda qayta o‘qish makruh. Nafl namozlarda bu ishlar makruh emas. Fotiha surasini zam surada o‘qish joiz emas.Chunki Fotiha surasini bir rakatning o‘zida takror o‘qish shariatda joriy bo‘lmagan. Bu haqda Alloma Zaylaiy shunday deganlar: "وَلَوْ كَرَّرَهَا خَالَفَ الْمَشْرُوعَ أَيْ ؛ لِأَنَّ تَكْرَارَ الْفَاتِحَةِ فِي قِيَامٍ وَاحِدٍ غَيْرُ مَشْرُوعٍ" “Agar Fotihani takror o‘qisa, shar’iy amalning xilofini qilgan bo‘ladi. Chunki bir qiyomning o‘zida Fotihani takror o‘qish mashru’ emasdir” (“Tabyinul-haqoiq” kitobi). Bundan tashqari namozda Fotihadan keyin alohida zam surani o‘qishi vojib amal sanaladi. Bu haqida Alloma Shurunbuloliy aytadilar: ( و ) الثاني ( ضم سورة ) قصيرة ( أو ثلاث آيات ) قصار لقوله صلى الله عليه و سلم " لا صلاة لمن لم يقرأ بالحمد لله " وسورة في فريضة أو غيرها “Ikkinchi vojib Fotihaga birorta qisqa surani yoki kamida qisqa uch oyatni qo‘shib o‘qishdir. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Alhamdu lillah va zam surani o‘qimagan kishining namozi durust bo‘lmaydi. Xoh, farz, xoh boshqa namoz bo‘lsin”, dedilar” (“Maroqil-faloh” kitobi). Agar namoz o‘qiyotgan kishi adashib, Fotiha surasidan keyin zam suraning o‘rniga yana Fotiha surasini o‘zini o‘qisa, uning namozi durust bo‘lsada, oxirida sahv sajdasini ado etishi vojib bo‘ladi. Bu haqida shunday zikr qilingan: "فِي الْخِزَانَةِ وَغَيْرِهِ أَنَّ تَكْرَارَ الْفَاتِحَةِ فِي الْأُولَيَيْنِ يُوجِبُ السَّهْوَ وَيُمْكِنُ أَنْ يُقَالَ : إنَّ التَّكْرَارَ لَمْ يُوجِبْ بَلْ تَرْكَ السُّورَةِ فَإِنَّهَا تَجِبُ أَنْ تَلِيَ الْفَاتِحَةَ" “Xizona va boshqa kitoblarda zikr qilinishicha: Fotiha surasini avvalgi ikki rakatda takror o‘qish sahv sajdasini vojib qiladi. Bu joyda vojibni takror qilish sahvni vojib qilmaydi, balki zam surani tark qilish vojib qiladi. Chunki zam sura Fotihadan keyinoq o‘qilishi vojib bo‘ladi, deb aytish mumkin” (“Majmaul-anhur” kitobi). Shuni ham ta’kidlash joizki, mazkur hukm farz va vojib namozlarning o‘ziga tegishli bo‘lib, nafl namozlarda shunday qilsa, unga sahv sajdasi vojib bo‘lmaydi. "وَيَنْبَغِي أَنْ يُقَيَّدَ ذَلِكَ بِالْفَرَائِضِ لِأَنَّ تَكْرَارَ الْفَاتِحَةِ فِي النَّوَافِلِ لَمْ يُكْرَهْ" “Mazkur hukm farzlargagina qaydlanishi lozim bo‘ladi. Chunki Fotihani nafl namozlarida takror o‘qish makruh sanalmaydi” (“Majmaul-anhur”). Xulosa qilib aytganda, farz namozini o‘qiyotgan kishi zam sura o‘rniga Fotihani qaytadan o‘qisa, so‘ngidan darhol boshqa sura yoki kamida uch oyat zam qilishi hamda namoz oxirida sahv sajdasi qilishi vojib bo‘ladi. Nafllarda Fotihani takror o‘qish makruh bo‘lmasada, undan keyin zam sura o‘qish vojibdir. Vallohu a’lam.