Bomdod namoziga turushlik to‘g‘risida yaqinda eshittimki, agar inson bir og‘ir gunoh qilsa bomdodga turolmas ekan, keyingisi, agar ayoli kechki ovqatni betahorat qilsa ham turolmas ekan. Yana qanday illatlar borki bomdod namoziga turishga to‘sqinlik qiladi? Nima qilsam bomdodga oson va qiynalmay turishim mumkin?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Gunohlar odamni og‘ir qilib, tabiatiga dangasalik olib kelishi to‘g‘ri. Buning chorasi gunohlarni tark qilishdir.
Ayolining tahoratsiz taom pishirishi erning bomdodga uxlab qolishiga sabab bo‘lmaydi. Chunki doim tahoratli yurish fazilat bo‘lsada, tahoratsiz qilingan taom ibodatlardan to‘suvchi bo‘lmaydi.
Bomdodga erta turish uchun quyidagilarga amal qilish kerak bo‘ladi:
Bomdod namozining fazilatini, unga beriladigan savoblarni o‘rganish. Bomdodni tark qilishning yomonligini bilish.
Uyquga ketishdan avval sunnat bo‘lgan duolarni o‘qib, bomdodga turishni astoidil qasd qilib yotish. Kishi qattiq qasd qilsa, ko‘zlangan vaqtda tura olishi ko‘p marta tajribalardan o‘tgan.
Xuftonni o‘qigach imkon boricha tezroq uyquga yotish (ayniqsa yoz kunlari). Payg‘ambarimiz alayhissalom xuftondan keyin dunyo so‘zlarini so‘zlashib turishni xush ko‘rmasdilar.
Namozga o‘yg‘otuvchi vositalardan foydalanish. Telefon yoki soatni o‘yg‘otgichga qo‘yish yoki biror yaqin kishisidan namozga o‘yg‘otishni iltimos qilish kerak. Bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz alayhissalom og‘ir safardan qaytayotib tongga yaqinlashib qolganda Bilol raziyallohu anhuni o‘zlari va butun qo‘shinni o‘yg‘otishga mas’ul qilib uxlaganlari rivoyat qilingan.
Yotishdan avval ko‘p yeb-ichmaslik. Umuman olganda, me’yorda taomlanish tananing yengil bo‘lishi, g‘ayratli bo‘lishga sabab bo‘ladi va namozlarga o‘yg‘onishni osonlashtiradi. Haddan oshiq ko‘p yeyish esa tanani og‘irlashtirib, odamni dangasa qilib qo‘yadi. Hadisi sharifda aytilganidek, to‘la idishlarni ichida eng yomoni – odam bolasining to‘la qornidir.
Namozni uyqudan ustun bilish. Namozlarga vaqtida turish, xususan bomdod namoziga turish namozni uyqudan afzal bilgan kishilarga nasib bo‘ladi. Bu ma’no bomdodning azonida ham aks etgan. Payg‘ambarimiz alayhissalom bomdodning azoniga “Namoz uyqudan afzaldir”, degan so‘zlarni qo‘shishni ma’qul ko‘rganlar. Bu azonni eshitganlarga yaxshi nasihat va ogohlantiish vazifasini o‘taydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.