NIKOHIDA BO‘LMAGAN AYOLGA AYTILGAN TALOQ

ID: 212

04.04.2025

200

Savol:

Nikoh o‘qitishimizdan 2 soatcha oldin hali mahramimga aylanmagan kuyov menga "Agar bugundan keyin ro‘molingni yechsang taloqsan", dedi. Aytingchi, ularni gaplari o‘tadimi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Yo‘q, taloq tushmaydi. Chunki bunday holatda taloq tushishi uchun ayol erning nikohida bo‘lishi kerak.  Nikohida bo‘lmagan ayolga aytilgan taloq e’tiborga olinmaydi.

Bu yerda boshqa achinarli holat borki, bu jamiyatimizda borgan sari ildiz otayotganga o‘xshaydi. Nikohni 25 yil kutib, hali nikoh o‘qilmasdan tiliga erk bergan "erkak" nikoh o‘qilgandan keyin nima qilarkin?! Har narsaga taloqni aralashtirarmikan?!

Taloq dinimizdagi oxirgi chora, hech imkon qolmaganda unga murojaat qilinadi. U ayolni qo‘rqitish uchun qo‘llanadigan qurol emas. Qolaversa taloqning ham chegarasi bor. Taloqlar soni uchtaga yetsa, er xotin o‘rtasidagi nikoh rishtasi butunlay uziladi, keyin ularga nikoh o‘qib bo‘lmaydi. Nikoh qilinsa ham, foydasi yo‘q, ular bir-biriga halol bo‘lmaydi.

Dinimizda musulmon kishining lafzi ahamiyatli. Nikohda kelin kuyovning er-xotin bo‘lishga roziligini ifodalovchi so‘zlar e’tiborga olingani kabi, taloqda ham bir og‘iz gap etiborga olinadi. Bu so‘z — otilgan o‘q, uni qaytarib olib bo‘lmaydi. Taloq masalasida hazil ketmaydi. Alloh taolo insof-tavfiq bersin.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar