NIKOHGA OTA-ONALARNING RUXSATI SHARTMI?

ID: 792

04.04.2025

260

Savol:

Nikohlanayotgan ikki yosh ota-onalari xabarsiz bo‘lgan holda, guvohlar oldida nikoh o‘qitishsa, shu nikohlari to‘g‘ri bo‘ladimi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Ayol kishining o‘z valiysidan yashirincha birov bilan nikohlanishi jumhur ulamolarga ko‘ra joiz emas. Bunga Nabiy alayhissalomning quyidagi hadislari ham dalildir: “Valiysiz nikoh bo‘lmaydi. Qaysi xotin valiysining ruxsatisiz nikohlansa, uning nikohi botildir, botildir, botildir” (Imom Abu Dovud rivoyati). Boshqa bir rivoyatda: “Valiysiz va ikkita adolatli guvohsiz nikoh bo‘lmaydi”, - deyilgan (Imom Ahmad rivoyati). 

Ayol (qiz) valiylari tartibga ko‘ra quyidagilardir: o‘g‘li (agar bo‘lsa), keyin o‘g‘lining o‘g‘li, keyin otasi, keyin bobosi, keyin tug‘ishgan aka-ukasi, keyin ota bir aka-ukasi, keyin ona bir aka-ukasi, keyin amakisi va hokazo. Agar ayol (qiz)ning asaba qarindoshlari bo‘lmasa Imom Abu Hanifaga ko‘ra unga valiylikda onasi haqli bo‘ladi.   

Hanafiy mazhabi ulamolari esa, nikohning to‘g‘ri bo‘lishiga valiyning bo‘lishi shart emas, degan bo‘lsalarda, lekin amalda valiyning roziligi hamma joyda talab etib kelingan. Imom Abu Hanifa va Imom Abu Yusufning nazdilarida kufu (o‘zaro tenglik) bo‘lmagan holda valiysiz nikoh bog‘lanmaydi, deyishgan. Mulla Ali Qori bu haqida “Muxtasarul viqoya”ning sharhida shunday deydilar:

 (ورُوي بُطْلانُهُ) أي بطلان نِكاحها إذا زَوَّجَتْ نفسَها (بِلاَ كُفُؤ) روى ذلك الحسنُ عن أبي حنيفة، وفي «الخَانِيَّة»: هذا أصحُّ وأَحْوَطُ والمختار للفتوى في زماننا، ... والمطلقة ثلاثاً لو زَوَّجتْ نفسَها من غير كُفُؤ ودخل بها، ثم طَلَّقها لا تَحِلُّ للزوج الأول على ما هو المختار من رواية الحسن.

ya’ni: “Ayol valiysining roziligisiz tengi bo‘lmagan bilan nikohlanishining botilligi rivoyat qilingan. Imom Hasan buni Abu Hanifadan rivoyat qilgan. “Fatavoyi Qozixon” kitobida mana shu gap bizning zamonimizga muvofiqroq, ehtiyotliroq va fatvo uchun ixtiyor qilingan" deyilgan.... Shundan kelib chiqib, uch taloq qilingan ayol valiysiga bildirmasdan tengi bo‘lmagan erkak bilan nikohlansa, o‘sha erkak unga yaqinlik qilib, keyin taloq qilsa, Imom Hasanning rivoyatidan ixtiyor qilingan fatvoga ko‘ra, avvalgi eriga  halol bo‘lmaydi” (“Fathu bobil inoya” kitobi).

Mazhabimizning manbalarida bundan 4-5 asr avval ayol valiysining roziligisiz tengi bo‘lmagan bilan nikohlanishi inobatga olinmasligi ixtiyor qilingan fatvo sifatida qaralgan bo‘lsa, hozirgi kunda ushbu fatvoni olish yanada dolzarbroqdir. Vallohu a’lam. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar