Assalomualeykum qizni majburlab men aytganga tegasan shundan boshqaga tegsang rozi emasman oq qilaman deb majburlansa qiz nima qilishi kerag.Agar ota onasi aytganga tegishni istamasa boshqaga tegmoqchi bolsa oq bolib qolmaydimi.Qizni majburlab norozi holda nikohlansa bu nikoh haqiyqiy nikoh o'rnida o'tadimi.Javob uchun rahmat
Va alaykum assalom. Bismillahir Rohmanir Rohim. Dinimizda xotin-qizlarni majburlab erga berishdan man qilingan. Zero, nikoh ikki tomonning roziligi bilan tuziladi. Juvon bo‘lsa, u bilan ochiqcha gaplashiladi, bokira bo‘lsa, undan izn so‘raladi. Bokira (rozilik alomatlari bilan) sukut qilsa, bu uning nikohga izn bergani bo‘ladi. Barcha fiqhiy manbalarimizda kelin va kuyov o‘z roziligini bildirishi (iyjob va qabul) nikohning asosiy rukni ekani bayon qilingan. Kelin-kuyovdan biri nikohga rozi bo‘lmasa, nikoh durust bo‘lmaydi. Ota-onaning vazifasi esa farzandini boylik, mansab yoki boshqa g‘arazlar sababli ko‘r-ko‘rona uylanish yoki erga tegishga majburlash emas. Balki farzandiga juft bo‘layotgan yigit yo qizning diyonati, xulq-odobiga va kasb-hunariga e’tibor qilishdir. O‘z o‘rnida turmush qurayotgan farzand ham ota-onasining tavsiyalari o‘rinli bo‘lsa, qabul qilishi, qaysarlik qilmay ularning hayotiy tajribalaridan foydalanishi kerak. Xotin-qizlarni majburlab erga berish holatlarida Payg‘ambarimiz alayhissalomning ayolga nikoh yo ajralishni tanlash ixtiyorini berganlari ma’lum. Hatto bir holatda qiz kambag‘al yigitni, ota-ona esa boy yigitni tanlaganida, u zot qizning ixtiyorini ustun qo‘yib: لم ير للمتحابين مثل النكاح «Bir-birini yaxshi ko‘rganlar uchun nikohdan yaxshisi yo‘qdir», dedilar (Imom Ibn Moja rivoyati). Vallohu a’lam.