Assalomu alaykum men yaqinda uylanmoqchi man savolim shundayki men uylanadigan qiz meni familiyamga oʻtishi kerakmi yoki bu narsa ihtiyorimi men erni familiyasi ga oʻtish joiz emas degan gaplarini eshitgan edim iltimos menga shu haqda batafsilroq maʼlumot bersangiz javob uchun oldindan raxmat
Va alaykum assalom. Shar’iy jihatdan xotin erning familiyasiga o‘tishi joizdir. Ayol bu masalada ixtiyoriy bo‘lib, uni bu ishga majburlab bo‘lmaydi.
Shuni ham eslatib o‘tish joizki, bu urf bizga o‘zga xalqlardan kirib kelgan va ota-bobolarimiz ichida bu urf mavjud bo‘lmagan. Islomdagi asl qoida hamma o‘z otasining nomi bilan chaqirilishi kerak. Hatto asrab olingan farzandlar ham. Qur’oni karimda:
ادْعُوهُمْ لِآبَائِهِمْ ...
"U (asrandi bola)larni otalarining nomi bilan chaqiringlar...", deyilgan (Ahzob surasi, 5-oyat).
O‘z otasi bo‘lmagan odamni bu mening otam, deb va buning izidan kelib chiqadigan shar’iy hukm (meros, mahramlik, nafaqa va boshqa)larni da’vo qilish, shariatda harom qilingan ishlardandir. Bu haqda hadisi shariflarda bayon qilingan. Hatto mo‘minlarning onalari ham Payg‘ambarimiz alayhissalomga nisbat berilmadilar (masalan, Oisha binti Abu Bakr deyilgan).
Lekin zarurat bo‘lganda masalan, yashab turgan davlatida talab shunday bo‘lsa yoki urfda erining familiyasiga o‘tish mavjud bo‘lsa, albatta, o‘sha odamning farzandi ekanini da’vo qilmasdan, uning familiyasiga o‘tishi joizdir.
Qadimdan odamlar orasida o‘zaro bir-birlarini tanish turli yo‘llar bilan bo‘lgan. Falonchining o‘g‘li, falonchining mavlosi (ya’ni, ozod qilgan quli), falonchining xotini kabi nisbat berish holati joriy bo‘lgan. Erining familiyasiga o‘tish ham go‘yo falon oilaga kelin bo‘lgan degani kabidir. Vallohu a’lam.