Yaqinda tug‘ilgan farzandimiz 3-4 soatda nobud bo‘ldi. Oradan 40 kun o‘tmasa ham, er-xotin yaqinlik qilishi mumkinmi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Agar ayolning birinchi farzandi bo‘lsa, qon to‘xtagandan keyin er-xotin yaqinlik qilishi mumkin. Avval ham farzand ko‘rgan xotin bo‘lsa, odati, ya’ni avvalgi safar necha kun nifos qoni ko‘rganiga qaraydi. Qon odatiga yetmay to‘xtasa, jinsiy aloqa qila olmaydi. Odatidan o‘tib to‘xtasa, yaqinlik qilishi joiz.
Bola tug‘ilganidan so‘ng yoki ba’zi a’zolari shakllanib muddatidan avval tushib qolgan bolaning ortidan keladigan qon nifos qoni bo‘lib, uning eng ko‘pi muddati 40 kun, ozining esa miqdori yo‘q. Ummi Salama raziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
كانت النُّفَساءُ تجلِسُ على عهدِ رَسولِ الله صلَّى اللهُ عليه وسلَّم أربعينَ يومًا وأربعينَ ليلةً (رواه أبو داود)
ya’ni: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam davrlarida nifos ko‘rgan ayollar 40 kechayu 40 kunduz (nifos ko‘rib) o‘tirar edilar”. (Imom Abu Dovud rivoyati).
Nifos ko‘rayotgan ayolni namoz o‘qishi, ro‘za tutishi, Qur’on tilovat qilishi va jinsiy yaqinlik qilishi harom qilingan amallardandir.
Bola tuqqan ayol biroz muddat qon ko‘rib, 40 kun bo‘lishidan avval yoki ayolning nifosdagi odati tugashidan avval ham pok bo‘lishi mumkin. Bunday ayollar g‘usl qilib namozini o‘qishga, ro‘zasini tutishga kirishadilar. Agar birinchi bor farzand ko‘rishi bo‘lsa, eri yaqinlik qilishi ham joiz. Agar avval ham farzand ko‘rib, odati bir oydan ko‘proq bo‘lib, odatiga yetmay qoni to‘xtagan bo‘lsa, g‘usl qilib namozini o‘qiyveradi. Lekin odati tugaguncha eri yaqinlik qilmay turadi.
لَوْ انْقَطَعَ دَمُهَا دُونَ عَادَتِهَا يُكْرَهُ قُرْبَانُهَا وَإِنْ اغْتَسَلَتْ حَتَّى تَمْضِيَ عَادَتُهَا وَعَلَيْهَا أَنْ تُصَلِّيَ وَتَصُومَ لِلِاحْتِيَاطِ
“Agar nifos qoni odatidan avvalroq to‘xtab qolsa, g‘usl qilgan bo‘lsa ham to odati to‘liq bo‘lgunicha yaqinlik qilish tahrimiy makruh sanaladi. Ehtiyotan namozini o‘qishi, ro‘zasini tutishi vojib bo‘ladi” (“Fatovoi hindiya” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.