Men din to‘g‘risida Sizchalik bilimga ega emasman, lekin Alloh tosh-budga sig‘inishni ta’qiqlaydi, nega endi Makka, Madina shaharlariga borib shu joylarni tavof qilinadi? Bilishimcha shu ulkan va qadrli tosh tufayli. Nega aynan o‘sha joyga borib kelish bilan gunohlar yuviladi deb ishoniladi. Vaholanki, savob olish va gunohni yuvish amallariga joyni ta’siri bo‘lmasa kerak?!
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Bunday fikr biron narsani Alloh uchun ulug‘lash bilan, Alloh bilan birga ya’ni unga sherik qilib ulug‘lash orasidagi farqni anglamaslikdan kelib chiqadi. Butparastlik bu butlarni Allohga sherik qilib ulug‘lash bo‘lsa, Ka’bani tavof qilish Allohni buyrug‘ini bajarishdir. Ka’bani tavof qilishda ka’ba maqsad emas. Balki Allohning amrini bajarish bilan uning roziligini topish asosiy maqsad. Ka’ba va boshqa muqaddas narsalarni, biz o‘zimizdan kelib chiqib ulug‘lab olgan emasmiz va ularning zotida ulug‘lik bor, deb e’tiqod qilmaymiz. Balki, Alloh ulug‘lik bergani uchun ulug‘ligi bor, deb hisoblaymiz. Ularda insonga foyda yoki zarar berish xususiyati yo‘q. Xuddi farishtalarga Odam alayhissalomga sajda qilish orqali uni ulug‘lash buyurilganidek, insonlarga ushbu makonlarni ziyorat qilish buyurildi. Musulmonlar ushbu joylarni Allohning buyrug‘ini bajarish uchun tavof va ziyorat qiladilar. Unga muhabbat qiladilar, shavqlari Unga bo‘ladi, Undan qo‘rqib yig‘laydilar. Uning mag‘firatidan umidvor bo‘ladilar. Shuning uchun ular buyurilganidan ortiqcha narsalarni qilmaydilar.
Butparastlar esa butlarni tavof qilishda butlarda zotiy ulug‘lik bor deb e’tiqod qilardilar. Ularda insonga foyda yoki zarar berish xususiyati bor deb e’tiqod qilar edilar. Butlarga yaqin bo‘lishni xohlar edilar. Ularga sajda qilishar, ular uchun qurbonliklar qilar edilar. Ular butga ibodat qilgani uchun uylarida ham butlar bor edi. Endi ayting qaysi musulmonning uyida ka’ba yoki tosh bor. Qaysi musulmonning uyida nasroniylarda bo‘lganidek xoch bor. Demak, musulmon Allohga ibodat qiladi va Alloh buyurgani uchun tavof qiladi, sa’y qiladi, shariat buyurgani uchun hajarul-asvadni o‘padi yoki unga ishora qiladi. Hajning butparastlikdan farqi shu.
Endi savolning ikkinchi qismiga keladigan bo‘lsak, yuqoridagi javobdan unga ham javob olishimiz mumkin. Lekin shuni qo‘shimcha qilamizki, Alloh taolo bandalarini tavba qilishga buyuradi va tavba qilganlarning gunohini kechirishga va’da beradi. Buning uchun bandaning tavbasi haqiqiy tavba bo‘lishi zarur. Banda ixlos bilan haqiqiy tavba qilib Allohga qaytsa qayerda bo‘lsa ham gunohi kechiriladi, albatta. Lekin uning sodiq banda bo‘lib, haqiqiy tavba qilganini alomatlari bor. Yo‘llar bosib Alloh taolo muqaddas qilgan joylarga borib tavba qilish va buyurilgan qiyin amallarni ixlos bilan bajarish ana shu sodiqlikning bir ko‘rinishidir. Shuning uchun ular onadan yangi tug‘ilgandek gunohlaridan pok holda uylariga qaytadilar. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.