Nasiya savdoga mashina oldim. Shu mashinani sotib pulini boshqa tijoratga sarflasa bo‘ladimi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Ha, nasiya savdo bilan sotib olingan mashinani sotib, pulini boshqa tijoratga sarflashingiz joiz. Chunki nasiya savdo bilan sotib olingan narsa ham to‘liq sizning tasarrufingizga o‘tadi va siz sotuvchidan (pulni naqd bermaganingiz uchun) mahsulotning narxiga qarzdor bo‘lib qolasiz. Bundan keyin sotuvchi sizdan faqat pulni so‘raydi, mashinani emas.
Nasiyaga mahsulot sotib olgan musulmon kishi doim qarzini to‘lash va nasiya qilingan mablag‘ni vaqtida to‘lab berishi payida bo‘lish kerak. Hech ham imkoni bo‘lib, to‘lovni cho‘zib yurmaslik kerak. Shuni yaxshi bilish kerakki, odamlardan qarz olib, uni to‘lamasdan (yoki to‘laydigan mol qoldirmasdan) dunyodan o‘tib ketadiganlar Qiyomatda bu qarzni savoblari bilan to‘lab beradi. Chunki u yerda to‘laydigan pul yo‘q, savob esa hammaga kerak bo‘lib turgan bo‘ladi. Imkoni bo‘la turib qarzni cho‘zishni Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam “zulm” deb ataganlar:
مَطْلُ الْغَنِيِّ ظُلْمٌ (رواه الامام البخاري عن أَبَي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ)
ya’ni: “Boyning (qarzni bermasdan) cho‘zib yurishi zulmdir” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Faqat mumkin bo‘lmagan bitta holat bor, nasiyaga sotib olingan mashinani pulini to‘lamasdan (va mashina avvalgi holatidan eskirmasdan) turib, yana egasi (yoki vakili)ga arzonroqqa sota olmaysiz. Hadisi sharifda bu ishdan ochiq-oydin qaytarilgan (Imom Abdurazzoq Oisha onamizdan rivoyat qilganlar). (“Fathu bobil inoya” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.