Assalomu alaykum. Biror narsani nasiyaga olganda dastlab pul bermasdan olsa boladimi? Qanaqa nasiya savdo halol bo‘ladi o‘zi shariatimizda?
Shariatimiz ahkomlariga ko‘ra, nasiya savdosi, ya’ni bir narsaning pulini keyinroq yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan savdo qilish joizdir. Bunday savdoning durust bo‘lishi uchun dastlab pul berish shart qilinmaydi. Savdoni boshlang‘ich to‘lovsiz amalga oshirish ham mumkin. Shar’iy jihatdan muhimi – savdo vaqtida sotilayotgan mahsulotning narxi va pulni to‘lash muddati ikki tomonga ham ma’lum bo‘lib, qat’iy kelishib olinishidir.
Shuningdek, nasiya savdosidagi narx naqd savdodagidan qimmatroq bo‘lishi ham mumkin, bunga monelik yo‘q. Ammo, to‘lov kelishilgan muddatdan kechiktirilsa, narxning ustiga qo‘shimcha pul, ya’ni penya qo‘shish mumkin emas, chunki bu sudxo‘rlikka aylanib qoladi.