To‘rt rakatli namozning ikkinchi rakatida Attahiyatdan keyin turishni unutib salovatni ham adashib o‘qib yuboraman. Namozim buzilgan bo‘ladimi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
To‘rt rakatli namozlarda avvalgi qa’dada Attahiyatdan keyin, uchinchi rakatga turish o‘rniga adashib "Allohumma solli ala Muhammadin" gacha o‘qib qo‘ygan bo‘lsa, eng to‘g‘ri qavlga ko‘ra namozni oxirida sajdai sahv qiladi. Shu bilan namoz to‘g‘ri bo‘ladi. Agar "Allohumma solli ala Muhammadin"dan kam o‘qigan bo‘lsa, sajdai sahv ham vojib bo‘lmaydi.
Bu haqida “Fatovoi olamgiriya” kitobida bunday deyilgan:
وَلَوْ كَرَّرَ التَّشَهُّدَ فِي الْقَعْدَةِ الْأُولَى فَعَلَيْهِ السَّهْوُ وَكَذَا لو زاد على التشهد الصلاة على النبي صلى الله عليه وسلم كذا في التبيين ... فقال بعضهم: يجب عليه سجود السهو بقوله: اللهم صل على محمد وقال بعضهم: لا يجب عليه حتى يقول: وعلى آل محمد والأول أصح
“Namozxon avvalgi qa’dada tashahhudni takror o‘qisa, sajdai sahv qilish vojib bo‘ladi. Shuningdek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salovat aytib yuborsa, sajdai sahv vojib bo‘ladi. “Tabyin”da shunday. Ba’zi ulamolar “Allohumma solli ala Muhammadingacha o‘qisa, sajdai sahv vojib bo‘ladi” deganlar. Yana boshqalari “Va ala oli Muhammadingacha o‘qisa, vojib bo‘ladi”, deganlar. Eng to‘g‘ri gap birinchisidir”. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.