Namozni qasr qilib o‘qilganda 2 rakat farz deb niyat qilinadimi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Hanafiy mazhabimizga ko‘ra, musofir kishi uchun farz – ikki rakatlik namozdir. Imom Burhoniddin Marg‘iloniy rahimahulloh aytadilar:
وَفَرْضُ الْمُسَافِرِ فِي الرُّبَاعِيَّةِ رَكْعَتَانِ
“Musofirning to‘rt rakatli namozlardagi farzi ikki rakatdir”, deganlar (“Hidoya” kitobi).
Bunga dalil sifatida fuqaholarimiz ko‘plab hadislarni keltiradilar. Jumladan Oisha onamiz raziyallohu anho aytadilar:
فُرِضَتْ الصَّلَاةُ رَكْعَتَيْنِ رَكْعَتَيْنِ فَأُقِرَّتْ صَلَاةُ السَّفَرِ وَزِيدَ فِي صَلَاةِ الْحَضَرِ
“Namoz ikki rakat, ikki rakat qilib farz qilindi. Keyinchalik safardagi namoz shundayligicha qolib, hazardagi namoz (to‘rt rakatga) ziyoda qilindi”, deganlar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
Shundan kelib chiqib, musofir kishi qaysi farz namoz o‘qishini (masalan, peshin, asr yoki xufton namozni) ta’yin qilib, "Ikki rakatli farz namozini o‘qishni niyat qildim", deb niyat qilishi mumkin bo‘ladi. Faqatgina shomning farzi uch rakat qilib o‘qiladi. Shuning uchun safarda shomning farzidan boshqa barcha farz namozlarni ikki rakatli farz namoz sifatida niyat qilinadi.
Shu bilan birga musofir kishi to‘rt rakatli namozda muqim imomga iqtido qilganda uning namozi to‘rt rakatli farzga aylanadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.