Farz namozlarimda, ya’ni Bomdod, Shom va Xufton namozlari farzini ikki rakatida ovoz chiqarib o‘qiman. Shom namozini uchinchi rakati va Xufton namozining 3-4 rakatida Allohu akbar, sami’allohu liman hamidah, salom berishni ovoz chiqarib o‘qiman. Peshin bilan Asr namozida Allohu akbar, sami’allohu liman hamidah, salom berishni ovoz chiqarib o‘qiman. Shu to‘g‘rimi? Ovoz chiqarib o‘qigan paytimda yonimda sheriklar kelib namozini ovoz chiqarmasdan o‘qiydi. Ularni chalg‘itib qo‘ymayapmanmikin deb o‘ylab qolaman. Lekin ovozimni chiqarib o‘qishda davom etaman.
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Namozda jahriy yoki maxfiy degan hukmlar Qiroat ya’ni Fotiha va zam suraga tegishlidir va bu farz namozlarida ba’zan vojib ba’zan esa ixtiyorli bo‘ladi. Namozda lab til yordamida harflarni talaffuz qilish bu namozdagi barcha zikr tasbehlar, qiroatu duolarga tegishli. Bunda o‘zi eshitar darajada pichirlab o‘qish nazarda tutilgan.
Demak, Bomdod, Shom, Xufton namozlarini farzlarining avvalgi ikki rakatida Fotiha va zam surani ovoz chiqarib o‘qish jamoat bilan o‘qilganida imomga vojib bo‘ladi, yolg‘iz o‘qiyotigan namozxonga esa ixtiyorli bo‘ladi. Peshin va Asr namozlarida hammasi ichida o‘qiladi. Ichida, Maxfiy degani harflarni til va lab yordamida talaffuz qilmasdan degani emas. Maxfiyning chegarasi o‘zi eshitmog‘i, jahriy esa eng kamida yonidagilar eshitmog‘idir. Duolar jahriy o‘qilmaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.