NAMOZIM VA TAHORATLARIM HUKMI QANDAY ?

ID: 1023

08.04.2025

17

Savol:

assalomu aleykum ustozlar , alloh ilmlaringni ziyoda qilsin , savollarim shundan iboratki 1) man savdo markazidagi magazinda ishlayman, bizni magazinimizda yani kompaniyamizdagi standartlar bo'yicha ish vaqti boshlanishidan toki tugashigacha qo'shiq qo'yilgan bo'ladi bu qo'shiqlar yani musiqalar hamma joyda eshitilib turadi , bazi vaqtlarda namozni magazindagi razdevalkada ( kiyim almashtirish xonasida ) o'qishga to'g'ri keladi , musiqani ovozi baland bo'lganligi uchun namoz o'qiyotganimda ham eshitilib turadi bu xolatda o'qilgan namozimni hukmi qanday ? 2) tahoratni ketma ketlik bilan sunnatga muvofiq olaman va artinib bo'lgandan keyin oxirida oyoqlarni yuvishga kelganda , plastik idish ( baklashkada ) suv to'ldirib xojatxonani o'ziga kirib oyoqlarni yuvaman yoki rakvinada yuvaman , shunda tahoratni ichida ortiqcha amallar qo'shilip qoladi yani oyoq kiyimni yechish paypoqlarimni yechib kiyish kabi , men bir videoda ko'rgandim yani bu holat tahoratga qusr yetkazadi deb shu holatda tahorat olishim joizmi sababi targovi sentirda tahoratga sharoit quvonarli holatda emas faqat xojatxona bor xolos . 3) men o'zi studentman va ishlayman ham , allahga shukur bo'sin yaxshi maosh ham olaman , kam bo'lsa ham ehson qilishni xoxlayman shuning uchun vaqf kabi xayriya tashkilotlarga pul o'tkazganim maqulmi yoki masjitni ehson qutisiga tashlaganim , sababi bazi xollarda xayriya tashkilotlari ishonchsizdek tuyuladi . 4 ) meni yoshim 21 da o'rtacha 3 mln oylik olaman yaqinda lavozimim oshsa undan ham ko'p, shunda men zakot berishim qanday bo'ladi masalan qancha mablag' berishim kerak . barcha savollarim o'zim uchun berdim , uzr ozgina ko'payib ketdi savollarim, javoblar uchun oldinda raxmat , alloh ilmlaringni ziyoda qilsin.

Javob:

Va alaykum assalom va rohmatullohi va barokatuh. Ming bor uzr, saytimizda texnik ishlar endi yakunlangani uchun javobimiz kechikdi, insha Alloh bunday buyon imkon qadar tezroq javob beriladi. Javoblar: Bismillahir rohmanir rohim. 1. Kishi namozni butun diqqatini jamlab o‘qishi kerak, buning uchun diqqatni chalg‘ituvchi narsalardan xoli joyda namoz o‘qishi kerak. Ammo sizning holatingizda musiqani o‘chirib qo‘yishga imkoningiz yo‘q, ish joyini ham tashlab keta olmaysmiz. Shu sababli bu musiqaning namozingizga zarari yo‘q. 2. Tahoratni unga begona amal qo‘shmay qilish sunnat. Imkon bor holatda iloji boricha unga begona amal qo‘shmaslik kerak. Kitoblarimizda oyoqdan boshqa hamma a’zolarni yuvgach, avval artinib, keyin oyoqni yuvish tahoratni paydar-pay qilishga zid, shuning uchun bunday qilmaslik kerak deyilgan. Ammo bu tahorat qilishga bemalol imkon bor joyga tegishli. Sizning holatingizda avval artinib olmasangiz liboslaringiz xo‘l bo‘lib ketadigan bo‘lsa yoki boshqa noqulayliklar tug‘ilsa, o‘zingiz aytganingizdek tahorat olishingiz mumkin, bu holatda tahoratingizga qusr yetmaydi. 3. Siz nazarda tutayotgan ehsonlar ixtiyoriy nafl sadaqa hisoblanadi, uni o‘zingiz istagan joyga berishingiz mumkin. Bunda iloji boricha muhtojroq o‘rinlarga sarflang. Agar atrofingizdagi masjidlar moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelayotgan bo‘lsa, masjidga sarflaganingiz ma’qul. Shuningdek, qarindosh-urug‘lar, qo‘ni-qo‘shnilar, do‘st yoki hamkasblar orasida qiynalganlar bo‘lsa, ularga ham berishingiz mumkin. 4. Zakot 85 gr tilla qiymatidagi mablag‘ga ega bo‘lgan va shu mablag‘i bir yildan keyin ham bu miqdordan kamayib qolmagan kishiga vojib bo‘ladi. Bu yil Fatvo markazi tomonidan ushbu miqdor 61 million ikki yuz ming so‘m qilib belgilangan. Agar siz shu miqdor yoki undan ko‘proq mablag‘ga ega bo‘lsangiz va bir yil o‘tgandan keyin ham mablag‘ingiz 61 million ikki yuz ming so‘mdan kamaymasa, sizga zakot vojib bo‘ladi. Bunda mablag‘ingizning 1/40 (2.5%) ni berishingiz farz bo‘ladi. Zakot mablag‘ini hisoblaganda barcha pullaringiz, birovlarga berib qo‘ygan qarzlaringiz, tijorat mollaringiz hisoblanadi. Yashaydigan uy-joyingiz, haydaydigan mashinangiz, uy anjomlaringizni hisoblamaysiz. Vallohu a’lam. Alloh taolo ibodatlaringiz baraka bersin, O‘zi dargohida qabul qilsin.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar