Hurmatli ustozlar namozga kechikib qo‘shilgan odam qanday namoz o‘qiydi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Namozga kech kelib, imomga iqtido qilgan kishi, imomni namozning qayerida topsa ham unga iqtido qiladi. Agar imom tovush chiqarib (jahriy) qiroat qilayotgan bo‘lsa, “Takbiri tahrima”ni aytib (ya’ni, “Allohu akbar” deb), sano (“Subhanakallohumma...”)ni o‘qimasdan unga ergashadi. Biroq, bunday holatda, yetolmagan rakatini o‘qish uchun turganida “Sano”, “A’uzu...” va “Bismilloh...”ni aytib qiroatni boshlaydi. Agar imom ovozini chiqarmay (maxfiy) qiroat qilayotgan bo‘lsa, kech qolib imomga ergashgan odam sanoni o‘qiydi.
Jamoatga kech qolib kelgan kishi imom bilan birga ruku qilsa, o‘sha rakatga yetgan hisoblanadi. Agar imom bilan birga ruku qila olmasa, o‘sha rakatdan kech qolgan hisoblanadi. Bu xususda “Addurrul muxtor” kitobida quyidagilar keltiriladi:
)وَلَوْ اقْتَدَى بِإِمَامٍ رَاكِعٍ فَوَقَفَ حَتَّى رَفَعَ الْإِمَامُ رَأْسَهُ لَمْ يُدْرِكْ ) الْمُؤْتَمُّ ( الرَّكْعَةَ(
“Ruku’da turgan imomga iqtido qilib, turib qolsa, imom boshini rukudan ko‘tarsa muqtadiy ushbu rakatni topmagan bo‘ladi”.
“Raddul muhtor”da ushbu iboraning sharhlab shunday deyiladi:
وَكَذَا لَوْ لَمْ يَقِفْ بَلْ انْحَطَّ فَرَفَعَ الْإِمَامُ قَبْلَ رُكُوعِهِ لَا يَصِيرُ مُدْرِكًا لِهَذِهِ الرَّكْعَةِ مَعَ الْإِمَامِ
“Shuningdek, iqtido qilib kutib turmasa, balki rukuga egilsa, imom uning rukusidan avval bosh ko‘tarsa, imom bilan ushbu rakatni topmagan bo‘ladi”.
Kechikib kelgan kishi imom salom berib namozini tugatganidan keyin o‘rnidan turadi va qolgan rakatlarni ado qiladi. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:
إذا سمعتم الإقامة فامشوا وعليكم السكينة والوقار، ولا تسرعوا، فما أدركتم فصلوا، وما فاتكم فاقضوا
“Qachon iqomatni eshitsanglar viqor va sokinlikni lozim tutib yurib boringlar, shoshilmanglar. Ulgurgan rakatlarni o‘qinglar. Ulgurmagan rakatlarni qazosini o‘qinglar” deganlar. (Imom Ahmad rivoyatlari).
Shunga ko‘ra, jamoatga kech qolgan inson ulgurgan rakatlarini imom bilan o‘qiydi. Imom salom bergandan keyin turib ulgurmagan rakatlarini o‘zi o‘qiydi. Imom bilan o‘qigani namozining oxiri, o‘zi o‘qigan namozining avvali hisoblanadi. Ko‘pchilik namozxonlar kech qolganda imomdan keyin namozni tugatib qo‘yishni yaxshi biladilar. Biroq quyidagi ikki holat ozgina murakkabroq bo‘lgani uchun batafsil bayon qilamiz:
2) Uch rakatli shom namozining uchinchi rakatiga yetishgan kishi ham imom salom bergandan keyin turib bir rakatni zam sura bilan o‘qiydi va ushbu rakatda qa’daga o‘tiradi. Keyin turib bir rakatni yana zam sura bilan o‘qib namozni tugatadi.
Bu yerda e’tiborli tomoni kechikib kelgan kishi qolib ketgan rakatlarni o‘qib olish uchun o‘rnidan turganda u yolg‘iz o‘quvchi hukmida bo‘ladi. (Fatavoi Hindiya, SHarhi viqoya). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.