Ba’zi kishilarning namozdan keyingi zikrlarni farz bilan sunnat o‘rtasida qilayotganini ko‘ramiz. Shu to‘g‘rimi? Aniqlik kiritib bersangiz, iltimos!
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Hanafiy mazhabimiz ulamolari namozdan keyingi zikrlarni farz va sunnat o‘rtasida emas, balki namozning oxirida o‘qish sunnatga muvofiq bo‘lishini ta’kidlaydilar. Bunga Oisha onamizdan naql qilingan quyidagi hadisni dalil qilib keltirishgan:
كَانَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لَا يَقْعُدُ إلَّا بِمِقْدَارِ مَا يَقُولُ : اللَّهُمَّ أَنْتَ السَّلَامُ وَمِنْك السَّلَامُ تَبَارَكْت يَا ذَا الْجَلَالِ وَالْإِكْرَامِ (رَوَاهُ الامام مُسْلِمٌ وَالامام التِّرْمِذِيُّ)
ya’ni: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam (farz namozining oxirida) salom berganlaridan keyin faqat “Ey Alloh! Sen salomsan, salom sendandir, Sen muborak bo‘lding, ey jalol va ikrom egasi!” deydigan miqdoricha o‘tirardilar” (Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyatlari).
Boshqa o‘rinda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
عجلوا الركعتين بعد المغرب ليرفعا مع العمل (رواه الامام البيهقي عن حذيفة رضي الله عنه)
ya’ni: “Farz namozi bilan birga ko‘tarilishi uchun shomdan keyingi ikki rakaatni shoshiltiringlar” (Imom Bayhaqiy rivoyatlari).
Quyidagi hadis ham yuqoridagi ma’noni qo‘llab quvvatlaydi:
من صلى بعد المغرب ركعتين قبل أن يتكلم كتبتا في عليين ( رواه الامام عبد الرزاق عن مكحول مرسلا)
ya’ni: “Kim shomdan keyin (odamlar bilan) gaplashishdan avval ikki rakaat (sunnat) namoz o‘qisa, o‘sha ikki rakaat Illiyinga yoziladi” (Imom Abdurrazzoq rivoyatlari).
"Illiyin" - arshga osilgan, yashil zabarjaddan bo‘lgan lavh. Unga bandalarning amallari yoziladi. ("Tafsiri Qurtubiy" kitobi, Ibn Abbosdan rivoyat qilingan).
Bu hadisni sharhlab Alloma Zafar Ahmad Usmoniy rahmatullohi alayh shunday deydilar: “Hadisdagi “gaplashishdan avval” iborasi zikrmi, odatiy so‘zlarmi hammasini o‘z ichiga oladi (ya’ni, farzdan keyin turib darhol sunnat o‘qish kerak, degan ma’no kelib chiqadi). Lekin yuqorida Oisha onamizdan rivoyat qilingan miqdorda farz va sunnat o‘rtasini bo‘lish istisno qilinadi (ya’ni, joiz bo‘ladi). Farz va sunnatning o‘rtasini ajratish mazkur miqdordan oshib ketsa, mana shu hadis sababli man qilinadi. Agarchi hadis shom namozining sunnati haqida xos bo‘lib kelgan bo‘lsa ham, uning hukmiga peshin va xufton namozlarining sunnatlari ham qo‘shiladi. Chunki sunnat namozlarining umumiy o‘xshashligi bor, u ham bo‘lsa farzni to‘ldiruvchi sifatida unga tobe’ (ergashuvchi) qilib qo‘yilganidir” (“E’lous-sunan” kitobi, “Salomdan keyingi burilish va uning kayfiyati, namozdan keyingi duo va zikrning sunnatligi” bobi).
Bu mavzuda Alloma ibn Obidin rahmatullohi alayh shunday deydilar:
وَأَمَّا مَا وَرَدَ مِنْ الْأَحَادِيثِ فِي الْأَذْكَارِ عَقِيبَ الصَّلَاةِ فَلَا دَلَالَةَ فِيهِ عَلَى الْإِتْيَانِ بِهَا قَبْلَ السُّنَّةِ ، بَلْ يُحْمَلُ عَلَى الْإِتْيَانِ بِهَا بَعْدَهَا ؛ لِأَنَّ السُّنَّةَ مِنْ لَوَاحِقِ الْفَرِيضَةِ وَتَوَابِعِهَا وَمُكَمِّلَاتِهَا فَلَمْ تَكُنْ أَجْنَبِيَّةً عَنْهَا ، فَمَا يُفْعَلُ بَعْدَهَا يُطْلَقُ عَلَيْهِ أَنَّهُ عَقِيبَ الْفَرِيضَةِ .
ya’ni: “Namozdan keyingi zikrlar haqidagi hadislarda ularni sunnatdan avval qilish kerakligiga dalolat yo‘q. Balki u hadislarni sunnatdan keyin zikr qilish deb tushuniladi. Chunki sunnatlar farzlarga qo‘shiluvchi, ergashuvchi va ularni mukammal qiluvchidir. Sunnatlar farzlardan ayro emas. Sunnatdan keyin qilingan zikrlarni ham, farzdan keyin bajarilgan hisoblanadi” (“Raddul muhtor” kitobi).
Ba’zi hadislarning zohiridan tushinilgan farz namozlaridan keyin darhol zikrlar qilish masalasini ulamolarimiz yuqoridagi ko‘rinishda, sunnatdan dalil keltirib hal qilganlar. Bu kabi masalalarda fuqaholarimizdan hech kim hadisni qo‘yib, o‘z fikrini olg‘a surmagan.
Shunday ekan, farzu sunnatlarni tugatgandan keyin zikr qilish ham Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning so‘zlariyu fe’llariga mos kelib turganda, odamlardan ajralib qolib, ular sunnat namozini o‘qishga turganda anchagina o‘tirib qolish, natijada turli tushunmovchiliklar, ixtiloflar keltirib chiqarish ibodatning savobini ketkazib qo‘yadi. Bu masalada nafsu xohishimiz bilan emas, balki sunnatga muvofiq yo‘l tutsak, ayni muddao bo‘lar edi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.