NAMOZDAGI XOLAT

ID: 3307

15.10.2025

114

Savol:

Assalomu alaykum! Masalan bir namozni voxti chikishiga 2 minut koldi, men namozni boshladim, va tugatkunmcha namoz voxti chikip ketti shunda namoz voxti chikkunicha men 1 rakatni tugatishm kerakmi namozim ado bolshi uchun yoki namozni voxt chikishidan oldn boshlaganim yetadimi? Kancha mikdordagi kon taxoratni buzadi? Menda kop marta kolm shlngan paytlar kon azgina chikkan okmaydigan darajada shu taxoratni buzadimi? Namozda 3 ta boshka xarakat ksa namoz buziladi db eshtkanman, shuni chuntirp berin domla?

Javob:

Va alaykum assalom.

  1. Ha, o‘qigan namozingiz durust, uni qayta o‘qilmaydi. Bu haqida Imom Qo‘histoniy shunday zikr qilganlar: "أَنَّ الْوَقْتَ لَوْ خَرَجَ فِي خِلَالِ الْوَقْتِيَّةِ لَمْ تَفْسُدْ وَ هُوَ الْأَصَحُّ وَ هُوَ أَدَاءٌ لَا قَضَاءٌ وَ هُوَ الْأَصَحُّ كَمَا فِي قَضَاءِ الزَّاهِدِي. وَ يُسْتَثْنَي مِنْ ذَلِكَ خُرُوجُ وَقْتِ الْفَجْرِ فَإنَّهُ مُفْسِدٌ" “Vaqtlik namozni o‘qiyotganida, ushbu namozning vaqti chiqib ketsa, namozi buzilmaydi. Eng to‘g‘ri gap shudir. Mazkur namoz ado, ya’ni o‘z vaqtida o‘qilgan bo‘ladi, qazo hisoblanmaydi. Eng sahih gap shudir. “Zohidiy”ning qazo bobida ham shunday zikr qilingan. Ammo bundan bomdodni o‘qiyotganida, uning vaqti chiqishi istisno qilinadi. Chunki u (bomdod vaqtining chiqishi) namozni buzuvchidir” (“Jomeur-rumuz” kitobi). Demak, bir farz namozini o‘qiyotganida, ushbu namozning vaqti chiqsa, namoz buzilmaydi. Chunki ikkinchi farz namozining vaqti kiradi. Masalan: peshinni o‘qiyotganida, asrga azon aytilsa, peshinning vaqti chiqishi bilan asrning vaqti kiradi. Shuningdek, asrning vaqti chiqishi bilan, shomning vaqti kiradi, shomning vaqti chiqishi bilan, xuftonning vaqti kiradi. Shunga ko‘ra, namozni bir farz namozining vaqtida boshlab, ikkinchi farz namozining vaqtida tugatgan bo‘ladi. Shuning uchun uning namozi durust va ado, ya’ni o‘z vaqtida o‘qilgan bo‘ladi. Faqat bomdod namozi bundan mustasno. Chunki bomdodning vaqti chiqqanidan keyin peshinning vaqti kirmaydi. Shuning uchun bomdodni o‘qiyotganida, quyosh chiqib qolsa, uning namozi buziladi va qazosini o‘qish vojib bo‘ladi.
  2. Fiqh kitoblarida amali kasir nimaligi haqida uch xil ta’rif berilgan: Birinchisi, namozdan tashqarida ikki qo‘l bilan qilinadigan ishni, masalan, salla o‘rash kabi ishlarni amali kasir deyiladi va uni namozning ichida bir qo‘l bilan bajarsa ham namoz buziladi. Ammo do‘ppi kiyish yoki uni yechish kabi bir qo‘l bilan bajariladigan ishlar namozni buzmaydi. Ammo uzrsiz shunday qilsa, makruh bo‘ladi.

Ikkinchisi, namozdagi kishi o‘zini ko‘p ish qildim, deb o‘ylasa, amali kasir bo‘ladi.

Uchinchisi, namoz o‘qiyotgan kishiga tashqaridan qaralganda “u namoz o‘qimayapti shekilli”, deb xayol qilinadigan darajadagi harakatlar ham amali kasir bo‘ladi va namozni buzadi (manba: “Fatavoi Olamgiriya”, “Tabyinul haqoiq”, va “Fatavoi Qozixon” kitoblari). Ushbu linkdan ma’lumot olishingiz mumkin https://t.me/diniysavollar/180 Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar