Men bomdod namozida masjidda imomlikka o‘tib zam suraga "Duxon" surasi oyatida "Ahlaknahum innahum kanu mujrimiyn" o‘rniga adashib "Ahlaknahum innahum kanu muslimiyn" deb xato qilib qo‘yibman. Endi shuncha odamni namozini buzgan bo‘lamanmi? Iltimos maslahat beringlar nima qilay, javobgarlikdan qo‘rqyapman.
Bismillahir rohmanir rohiym.
Bu borada Hanafiy mazhabi kitoblarida quyidagi fatvolar kelgan. Agar namozda bir kalimaning o‘rniga boshqasini o‘qib qo‘ysa va ushbu xato ma’no o‘zgarishiga sabab bo‘ladigan bo‘lsa, masalan, (قليلا ما يشكرون) o‘rniga (قليلا ما يكفرون) yoki (و ما هم بخارجين من النار) o‘rniga (و ما هم بخارجين من الجنة) deb o‘qib qo‘ysa, namoz buziladi. Imom Abu Lays Samarqandiy shunday deganlar: “Agar namozda (المُفْلِحِين) o‘rniga (الخاسرين) deb o‘qib qo‘ysa, namozi buzilmaydi va bu Ibn Al-Muborakning so‘zidir. Imom Abu Hafsga ko‘ra bu ishni qasddan qilsa buziladi” (“Xizonatul akmal fi furu’ fiqhil hanafiy” kitobi. 1-juz, 664-bet).
Boshqa o‘rinda ham bu masalaga oid fatvolar bor. “Totorxoniya”da keltirilishicha: “Namoz qiroatida bir kalimaning o‘rniga boshqasini o‘qib qo‘ysa va o‘qilgan kalima Qur’onda bor bo‘lsa-yu, lekin ma’no asl ma’nodan uzoq bo‘lsa, masalan, rahmat oyatini azob oyati bilan tugatib qo‘ysa yoki (ar-rohmaan, a’llamal Qur’aan) demoqchi bo‘lganda tilidan (shayton) chiqib ketib qolsa, yoki (ash-shaytoonu ya’idukumul-faqro) demoqchi bo‘lganda og‘zidan (ar-rahmoon) chiqib ketib qolsa, shu hollarda Imom Abu Hanifa va Imom Muhammad nazdida namoz buziladi”.
Imom Abu Yusufga ko‘ra esa, agar bu adashishlar qasddan qilinmagan bo‘lsa va tilidan yanglish chiqib ketgan bo‘lsa, namozi buzilmaydi. Abul Hasan Karxiy va Muhammad ibn Muqotil Roziylar mana shunga fatvo berishar edi. “Zohiyriya” kitobida keltirilishicha agar kimdur (Ulaa’ika ashaabul janna) o‘rniga (ulaa’ika ashaabun-naar) deb o‘qib qo‘ysa yoki(alaa inna hizballohi humul muflihuun) o‘rniga (alaa inna hizballohi humul kaafiruun) deb o‘qib qo‘ysa, Imom Abu Hanifa va Imom Muhammadlarga ko‘ra namozi buziladi”.
“Hoviy” da keltirilishicha, ibn al-Muborak (Ulaa’ika ashaabul janna) o‘rniga (Ulaa’ika ashaabun-naar) o‘qib qo‘ygan odam borasida so‘ralganlarida, buzilmaydi, agar qasddan qilgan bo‘lsa, buziladi, deb javob berganlar. (“Al-fatava at-totorxoniya”. 1-juz, 297-bet).
Sizning masalangiz ham mana shu fatvolarda keltirilgan xatolarga o‘xshashdir. Shuning uchun sizga maslahatimiz o‘sha kungi bomdod namozida qatnashgan namozxonlar 5-6 kishidan iborat ozchilik bo‘lib, siz ularni hammasini taniydigan va yetkaza oladigan darajada bo‘lsangiz, ularga xatoingiz haqida yetkazib, ehtiyotan qayta o‘qib olishlarini ayting. Mabodo kattaroq jamoat bo‘lib ularning har biriga yetkazish mashaqqat bo‘lsa, sizdan sodir bo‘lgan xatoning qasddan bo‘lmagani uchun bir qator ulamolar fatvo bergan Imom Abu Yusufning ijtihodlari bo‘yicha namozlaringiz inshaalloh to‘g‘ri bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.