NAMOZDA SAFLARNI TO‘G‘RILASH

ID: 205

04.04.2025

48

Savol:

Bomdod namozida Allohu Akbar deb namozga qo‘llarni bog‘laganimizdan keyin yonimdagi namozxon yon tarafga 3 ta odam sig‘adigan joyga surildi men surilmadim mendan keyin ham 10 tacha odam bor edi nima qilishim kerak edi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Ko‘plab hadisi shariflarda namozda saflarni to‘g‘rilash, ochiq joy qoldirmasdan safni jips qilib turish haqida ta’kidlar kelgan. Jumladan:

عن أنس بن مالك رضي الله عنه قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم : سَوُّوا صُفُوفَكُم، فإِنَّ تَسوِيَة الصُّفُوف من تَمَام الصَّلاَة 

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda u zot shunday deganlar: Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Saflaringizni tekis qilinglar, chunki safni tekis qilish namozni mukammal qiladi”, deganlar. Imom Buxoriy rivoyati.

Shu va shu ma’nodagi hadislarga binoan namozxon agar takbiri tahrima aytib namozga kirishgach, avvalgi safda yoki safning o‘ng yoki chap taraflarida bo‘sh joy bo‘lsa, imkon qadar oz harakat bilan uni to‘ldirishi kerak. Aks holda, uning namozi makruhlik bilan ado bo‘ladi. To‘g‘ri, namozda uzluksiz bir necha qadam yurish bilan namoz buziladi. Shuning uchun namozxon bu holatda bir yoki ikki qadam tashlab so‘ng bir rukn (uch tasbeh) miqdoricha to‘xtaydi va shu holatda qibladan burilmagan holda yana yurib bo‘sh joyni to‘ldirishi, safni ulashi mumkin. Bu haqda “Raddul Muhtor” kitobida quyidagicha keltiriladi:

إن قدر صف ثم وقف قدر ركن ثم مشى ووقف كذلك وهكذا لا تفسد ، وإن كثر ما لم يختلف المكان

“Imkon bo‘lsa bir qadam tashlab so‘ng bir rukn (uch tasbeh) miqdoricha to‘xtaydi. So‘ng yana shunday davom etadi. Shu holatda garchi ko‘p qadam tashlasada modomiki makon o‘zgarmasa, namoz buzilmaydi”.

Demak, namozga kirishgandan so‘ng yon tarafga to‘xtovsiz uch qadam yoki undan ko‘p yurgan kishining namozi buziladi. Agar safning o‘rtasida bo‘sh joy qolsa, uni orqa safdagilar to‘ldirish kerak. Agar oxirgi safning o‘rtasida bo‘sh joylar bo‘lsa, namozxon yon tomonga uch qadam yo undan ko‘p qadam tashlamasligi kerak, balki kechikkanlar bo‘sh joyni to‘ldirishini kutishi lozim. Aslida oxirgi qatorda bo‘sh joylar qolib ketmasligi uchun safni imomning to‘g‘risidan boshlab, bir kishi o‘ngdan, bir kishi chapdan qo‘shilaverishi kerak. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar