Raf’ul yadayn namozi qanday namoz?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Raf’ul yadayn nomli namoz yo‘q. Balki namoz ichida qo‘l ko‘tarishni raf’ul yadayn, deyiladi.
Hanafiy mazhabimizga ko‘ra namozda qo‘llar faqatgina uch o‘rinda, ya’ni namozga kirishish takbirida, Qunut duosini o‘qish oldidan va Iyd namozlarida ko‘tariladi. “Bahrur-roiq” kitobida bu haqda shunday deyiladi:
فَلَا يَرْفَعُ يَدَيْهِ عِنْدَ الرُّكُوعِ وَلَا عِنْدَ الرَّفْعِ مِنْهُ وَلَا تَكْبِيرَاتِ الْجَنَائِز
ya’ni: “(Namoz o‘qiguvchi) Ruku qilganida va rukudan qaytganida, janoza namozining takbirlarida qo‘llarini ko‘tarmaydi”.
Barro ibn Ozib raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda:
"رَأَيْت رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَرْفَعُ يَدَيْهِ حِينَ افْتَتَحَ الصَّلَاةَ ، ثُمَّ لَمْ يَرْفَعْهُمَا حَتَّى انْصَرَفَ"
(رواه الامام أَبِو دَاوُد عَنْ الْبَرَاءِ رضي الله عنه)
ya’ni: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallamni namozga kirishganlarida qo‘llarini ko‘targanlarini va to namozdan bo‘shagunlaricha boshqa ko‘tarmaganlarini ko‘rardim”, – deyiladi (Imom Abu Dovud rivoyatlari).
Boshqa bir rivoyatda esa:
خَرَجَ عَلَيْنَا رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ مَا لِي أَرَاكُمْ رَافِعِي أَيْدِيكُمْ كَأَنَّهَا أَذْنَابُ خَيْلٍ شُمْسٍ اُسْكُنُوا فِي الصَّلَاةِ (رواه مُسْلِمٍ عَنْ جَابِرِ بْنِ سَمُرَةَ رضي الله عنه)
ya’ni: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bizlarni oldimizga chiqdilar va “Menga nima bo‘ldiki, huddi asov ot dumini ko‘targanidek namozlaringizda qo‘llaringizni ko‘targaningizni ko‘rayapman. Namozda jim turinglar”, dedilar”, deyiladi (Imom Muslim rivoyatlari).
Mazhabimiz ulamolari yuqoridagi va shu mavzudagi boshqa hadislarni chuqur o‘rganib, namozda uch o‘rindan (ya’ni namozga kirishish, qunut duosini o‘qishdan avval, iyd namozlarida) boshqa o‘rinlarda qo‘llar ko‘tarilmasligiga ittifoq qilishgan. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.