Namozda tik turganda qo‘l qanday holatda turadi. Birovlar ko‘kragida ushlab turadi, birovlar pastroqda tutadi. Ayrimlar esa bilaklarini tutib turadi. Qiyomda qo‘l tutishning odobi to‘g‘risida tushuntirib bersangiz.
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Hanafiy mazhabimizga ko‘ra namozda turgan kishi qo‘llarini bir-biriga bog‘lab, kindik ostiga qo‘yadi. Bu haqida bir qancha rivoyatlar mavjud bo‘lib, quyida ulardan ba’zilarini keltiramiz.
عن وائل بن حجر رضى الله عنه قال "رأيت النبى صلى الله عليه وسلم وضع يمينه على شماله فى الصلاة تحت السرة" اخرجه الإمام ابن ابى شيبة. رجاله ثقات.
ya’ni: Voil ibn Hujr raziyallohu anhudandan rivoyat qilinadi, u zot aytadilar: “Men Rasulullohni sallallohu alayhi vasallam namozda o‘ng qo‘llarini chap qo‘llari ustiga kindik ostiga qo‘yganlarini ko‘rdim”, (Imom Ibn Abu Shayba rivoyati). “E’lous sunan” kitobida bu hadisning roviylari ishonchlidir deyilgan. Yana bir rivoyatda shunday keladi:
عن ابى وائل رضى الله عنه قال: قال ابو هريرة رضى الله عنه: "اخذ الاكف على الاكف فى الصلاة تحت السرة" (رواه الإمام ابو داود).
ya’ni: Abu Voil raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Abu Hurayra raziyallohu anhu aytdilar: “Namozda kaftning ustiga kaftni qo‘yib, kindik ostida ushlanadi” (Imom Abu Dovud rivoyati). Alloma Zafar Ahmad Usmoniy mana shu rivoyatni keltirib, shunday deganlar: “Muhammad ibn Sirin Abu Hurayra raziyallohu anhudan hadis rivoyat qilganlarida, u zotdan “Bu Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdanmi?” deb so‘rashgan. Shunda Ibn Sirin rahmatullohi alayh: “Abu Hurayra raziyallohu anhuning har bir hadisi Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdandir”,- deb javob berganlar. Demak, bundan Abu Hurayra raziyallohu anhuning har bir hadisi marfu’ (Rasulullohdan kelgan) ekanligi kelib chiqadi. Shunday qilib, namozda qo‘llarni kindik ostiga qo‘yish sunnat ekanligi sobit bo‘lgan”.
عن ابى جحيفة ان عليا رضى الله عنه قال: "السنة وضع الكف على الكف فى الصلاة تحت السرة". (رواه الإمام ابو داود)
ya’ni: Abu Juhayfa raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Ali raziyallohu anhu aytdilar: “Namozda qo‘lni qo‘lning ustiga qo‘yib, kindik ostiga tushirish - sunnatdir” (Imom Abu Dovud rivoyati). Bu hadis Imom Ahmadning "Musnad"ida ham keltirilgan. Hofiz ibn Hajar o‘zining "Tajridu zavoidi musnad al-Bazzor" asarida: “Agar hadis "Musnadi Ahmad"da kelsa, boshqa Musnadlarga hojat yo‘q”, degan. Shunday qilib, ushbu hadis hasan darajasidan tushmaydi. (“E’lous sunan” kitobi). Namozda qo‘lni kindik ostiga qo‘yish haqida barcha fiqhiy kitoblarimizda ma’lumotlar mavjud. Jumladan, “Muxtasar ul-Viqoya” kitobida shunday deyilgan:
يضع يمينه على شماله تحت سرّته
ya’ni: “(Namoz o‘quvchi) o‘ng qo‘lini chap qo‘lining ustiga qilib, kindik ostiga qo‘yadi”. Namozda qo‘lni kindik ostida tutishning ba’zi afzalliklari haqida “Muzmarot” kitobidan bunday deyilgan:
لانه اقرب الى التواضع وابلغ الى الخشوع والى ستر العورة واحفظ للازار عن السقوط
ya’ni: “Qo‘lni kindik ostida tutish – kamtarlikka yaqinroqdir, xushu’ va avrat a’zolarini yopilishiga olib boruvchiroqdir, izorni tushib ketishdan saqlaguvchiroqdir”. Demak, namozda qo‘lni qayerda tutish holati haqidagi hadislarni muvofiqlashtirish kerak bo‘ladi. Uni esa faqat ijtihod qilishga qodir ulamolarimiz aniqlab beradilar. Hanafiy mazhabimiz mujtahidlari yuqoridagi hadislarga asoslanib, erkaklar qo‘llarini kindik ostida tutadilar deyishgan. Qolaversa ushbu holat erkaklarda ta’zim va xushu’ga yaqinroqdir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.