Jamoat bo‘lib namoz o‘qiyotganda bir narsaga guvoh bo‘laman. Ba’zi odamlar, barmoqlarini, aynan ko‘rsatkich barmog‘ini ko‘tarib qo‘yishadi. Bu odat bid’atmi yoki sunnat? Umuman olganda nega bunday qilishadi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Bu amal – kishi namozda tashahhudni o‘qish uchun o‘tirib, “Laa ilaaha illalloohu” kalimasini aytish chog‘ida o‘ng qo‘lning ko‘rsatkich barmog‘ini yuqoriga ko‘tarishi bo‘lib, uni “Ishorai sabboba” deb ataladi. Ko‘rsatkich barmoq arab tilida “sabboba” deyiladi. Mazkur ishora ushbu barmoq bilan bajarilgani uchun “ishorai sabboba” deb nomlangan. U ba’zi hanafiy ulamolarimiz fikriga ko‘ra namozdagi sunnat amallardan sanaladi.
Uning ko‘rinishi o‘ng qo‘l barmoqlaridan o‘rta, jimjiloq va nomsiz barmoqni bukib, bosh barmoqning boshini o‘rta barmoqning chetiga qo‘yiladi va ko‘rsatkich barmoq bilan tashahhuddagi “La ilaha” jumlasini aytganda ko‘tarib, “Illalloh”da tushiriladi. Ya’ni, “iloh yo‘q” degan jumlalarni talaffuz qilish asnosida ishora qilib, “Faqatgina yolg‘iz Alloh bor” jumlasini talaffuz qilishda ko‘rsatkich barmoq tushurilgan bo‘ladi va bu bilan so‘z bilan fe’lni o‘rtasi bir-biriga muvofiq bo‘lishi ta’minlangan hisoblanadi. Boshqacha qilib aytganda, bu amal bilan Allohning yakkayu yagonaligi banda e’tiqodida, so‘zida, harakatida jamlanganini ifoda etiladi. Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisi sharifda shunday deyiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozda (tashahhudga) o‘tirsalar o‘ng kaftlarini o‘ng sonlarining ustiga qo‘yib, barmoqlarini yig‘ar va ko‘rsatgich barmoqlari bilan ishora qilar edilar” (Imom Muslim rivoyati).
Shuni ham ta’kidlash lozimki, ishorai sabboba masalasi hanafiy mazhabimiz ulamolari ichida ixtilofli masaladir. Bir qancha ulamolar bu ishora qilinmasligi zikr qilingan. Boshqa bir qancha olimlarimiz ishorai sabboba erkak va ayollarga barobar namozdagi sunnat amallardan, deydilar. Shunday ekan, bu masalaning yechimi, har bir namozxon birinchi ustozi qanday o‘rgatgan bo‘lsa, shunday o‘qisin. Namozni kitobdan o‘rganib olgan bo‘lsa, o‘zi yashaydigan joyning urfiga qarasin. Bu ishni qilganlar qilmaganlarni, qilmaganlar qilganlarni malomat qilib, janjal va ixtilof keltirib chiqarmasin. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.