Namoz o‘qiyotgan paytimda bosh kiyimim tushib ketib qoldi, olmay ado qildim. Olganimda namozim durustmidi? Namozga putur yetmasmidi yoki olmay ado qilganim yaxshi bo‘lganmi? Shunaqa vaziyatlarda nima qilish kerak maslahat bersangiz.
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Bu haqida "Durarul hukkam" kitobida shunday deyiladi:
سَقَطَتْ قَلَنْسُوَتُهُ أَوْ عِمَامَتُهُ فِي الصَّلَاةِ فَرَفْعُ الْقَلَنْسُوَةِ بِيَدٍ وَاحِدَةٍ أَفْضَلُ مِنْ الصَّلَاةِ بِكَشْفِ الرَّأْسِ . وَأَمَّا الْعِمَامَةُ فَإِنْ أَمْكَنَهُ رَفْعُهَا وَوَضْعُهَا عَلَى الرَّأْسِ بِيَدٍ وَاحِدَةٍ مَعْقُودَةٍ كَمَا كَانَتْ فَسَتْرُ الرَّأْسِ أَوْلَى ، وَإِنْ انْحَلَّتْ وَاحْتَاجَ إلَى تَكْوِيرِهَا فَالصَّلَاةُ بِكَشْفِ الرَّأْسِ أَوْلَى مِنْ عَقْدِهَا وَقَطْعِ الصَّلَاةِ ، كَذَا فِي التَّتَارْخَانِيَّة
"Namozda qalpoq yoki salla boshdan tushib ketsa, boshyalang namoz o‘qigandan ko‘ra bir qo‘l bilan uni kiyib olish afzal. Sallani bir qo‘l bilan o‘ralgan holida boshiga qo‘yishning imkoni bo‘lsa, boshini yopgani afzal. Lekin salla yechilib ketgan va uni o‘rashga ehtiyoj tug‘ilsa, uni o‘rash va namozni buzgandan ko‘ra boshyalang namoz o‘qigan afzal. Tatarxoniyada shunday kelgan".
Demak, namozda bosh kiyim tushib ketsa, yengil harakat bilan kiyib olish afzal. Lekin amali kasir (ko‘p amal) qilib tushib ketgan bosh kiyimni kiymaydi. Chunki ko‘p amal namozni buzadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.