NAMOZDA BO‘G‘IMLARDAN QIRSILLAGAN OVOZ CHIQISHI

ID: 739

04.04.2025

13

Savol:

Namoz o‘qiyotganimda sajdaga bosh qo‘ysam yoki ruku qilsam, suyaklarim qirsillaydi. Bu holatni kufr deyishadi, buni o‘zim xohlab qilmayman. Shunga javob bersangiz?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Bo‘g‘im va barmoqlardan qirsillagan ovoz chiqishi yoki atayin qirsillatish kufr emas. Kufr e’tiqodiy masala bo‘lib “Durrur muxtor” asarida bunday deyiladi: “Kufr – shariatda Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallamni dinga oid olib kelgan narsalarida yolg‘onchiga chiqarishdir”.

Namozda barmoqlarni qastdan qirsillatish makruh amal. Chunki barmoqlarni qirsillatish namozga aloqasi bo‘lmagan behuda harakat bo‘lib, namozda bunday harakatlar qilish namozxonning xushusi ketishiga sabab bo‘ladi. Namozda xushuni ketishiga sabab bo‘ladigan har qanday harakat makruhdir. Namozdan tashqarida esa odobsizlikdir. Ali raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sallallohu alahi vasallam Ali raziyallohu anhuga:

«لا تفقع أصابعك وأنت في الصلاة» أخرجه ابن ماجه

ya’ni: “Namozda ekansan barmoqlaringni qirsillatma”, - dedilar (Imom Ibn Moja rivoyati).

Ushbu  hadisda barmoq qirsillatishdan ko‘zda tutilgan narsa,  qastdan barmoqlarni tortib qirsillarishdir, beixtiyor namozxon o‘tirib turganda qirsillasa, buning zarari yo‘q. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar