Namozda bir sajdani unutgan bo‘lsa, nima qilishi kerak?
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Bu haqida hanafiy mazhabidagi mo‘’tabar manbalardan biri “Raddul-muhtor” kitobida shunday deyiladi:
"قَالَ فِي شَرْحِ الْمُنْيَةِ حَتَّى لَوْ تَرَكَ سَجْدَةً مِنْ رَكْعَةٍ ثُمَّ تَذَكَّرَهَا فِيمَا بَعْدَهَا مِنْ قِيَامٍ أَوْ رُكُوعٍ أَوْ سُجُودٍ فَإِنَّهُ يَقْضِيهَا وَلَا يَقْضِي مَا فَعَلَهُ قَبْلَ قَضَائِهَا مِمَّا هُوَ بَعْدَ رَكْعَتِهَا مِنْ قِيَامٍ أَوْ رُكُوعٍ أَوْ سُجُودٍ ، بَلْ يَلْزَمُهُ سُجُودُ السَّهْوِ فَقَطْ ، لَكِنْ اُخْتُلِفَ فِي لُزُومِ قَضَاءِ مَا تَذَكَّرَهَا فَقَضَاهَا فِيهِ ، كَمَا لَوْ تَذَكَّرَ وَهُوَ رَاكِعٌ أَوْ سَاجِدٌ أَنَّهُ لَمْ يَسْجُدْ فِي الرَّكْعَةِ الَّتِي قَبْلَهَا فَإِنَّهُ يَسْجُدُهَا ، وَهَلْ يُعِيدُ الرُّكُوعَ أَوْ السُّجُودَ الْمُتَذَكَّرَ فِيهِ ، فَفِي الْهِدَايَةِ أَنَّهُ لَا تَجِبُ إعَادَتُهُ بَلْ تُسْتَحَبُّ مُعَلَّلًا بِأَنَّ التَّرْتِيبَ لَيْسَ بِفَرْضٍ بَيْنَ مَا يَتَكَرَّرُ مِنْ الْأَفْعَالِ"
Ya’ni: “Sharhi munya” kitobida dedilar: Biror rak’atdan bitta sajdani tark etsa so‘ng keyingi rak’atdagi qiyom, ruku’ yoki sajdada yodiga tushsa, darhol o‘sha sajdani qazosini qiladi. Lekin sajdaning qazosidan oldin qilgan qiyom, ruku’ va sajdalarni qaytadan qilmaydi. Balki namozning oxirida faqatgina sahv sajdasi vojib bo‘ladi. Lekin o‘sha qoldirilgan sajda esiga tushgan ruknni qayta qilishi lozim bo‘lishida ixtilof qilindi. Ya’ni ruku’ yoki sajdada oldingi rak’atda sajda qilmagani esiga tushsa, darhol o‘sha qoldirilgan sajdani qiladi. Ammo o‘sha sajda yodiga tushgan ruku’ yoki sajdani ham qaytaradimi? “Hidoya”da mazkur ruknlarni qaytadan qilish vojib bo‘lmaydi, balki mustahab bo‘ladi. Chunki namozda takrorlanadigan amallar orasida tartibga rioya qilish farz emas (balki vojibdir)”, deyilgan” (“Raddul-muhtor” kitobi).
Hanafiy mazhabining yana bir mo‘’tabar manbasi “Bahrur-roiq”kitobida shunday zikr qilingan:
"أنّه لو ترك سجدةً من ركعة فتذكّرها في آخر الصّلاة سجدها وسجد للسّهو لترك التّرتيب فيه ، وليس عليه إعادة ما قبلها"
Ya’ni: “Biror rak’atdan bitta sajdani tark qilsa va namozning oxirida yodiga tushsa, o‘sha sajdani qiladi va tartibga rioya qilmagani uchun sahv sajdasi qiladi. Unga oldingi ruknlarni qaytadan qilish vojib bo‘lmaydi” (“Bahrur-roiq” kitobi). Sajda qilmagani salomdan keyin esiga tushsa nima qiladi? Bu borada “Raddul-muhtor” kitobining sohiblari Alloma ibn Obidin shunday yozadilar:
"ولو نسي سجدةً من الرّكعة الأولى قضاها ولو بعد السّلام قبل إتيانه بمفسد ، لكنّه يتشهّد ، ثمّ يسجد للسّهو ، ثمّ يتشهّد ، لبطلان التّشهّد والقعدة الأخيرة بالعود إلى السّجدة"
Ya’ni: “Birinchi rak’atda bir sajdani unutgan bo‘lsa, salomdan keyin yodiga tushsa, modomiki, namozni buzadigan ish qilmagan bo‘lsa, o‘sha sajdani qazosini qiladi. Lekin qaytadan tashahhud o‘qiydi so‘ng sahv sajdasi va tashahhud bilan namozni tugatadi. Zero, uning tashahhudi va oxirgi qa’dasi sajdaga qaytishi tufayli botil bo‘ladi”. Vallohu a’lam!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.