NAMOZDA BEQARORLIK VA IYMON SUSTLASHISHI

ID: 4972

10.12.2025

184

Savol:

Assalomu alaykum, domla. Mening yoshim 16 da. Oilamdan uzoqda o'qishga tayyorlanyapman. Namoz o'qiyman deymanu, o'qiy olmayman. Bir o'qisam, bir qolib ketadi. O'qigan ilmim юqmayapti. Borgan sari iymonim sustlashib, yomon inson bo'lib ketyapman. Doimiy holsizlik, dangasalik, mahzunlik bor menda. Ruhim tinch emas. Doim noaniq narsalardan siqilgan, bezovta bo'laman. Sizdan javob va echim kutib qolaman. Oldindan rahmat. Alloh rozi bo'lsin.

Javob:

Vaalaykum assalom. Siz aytgan muammolarning echimi avvalo muhitni o'zgartirish va ruhiy tarbiyaga e'tibor qaratishdadir. Zero, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Kishi do'stining dinidadir, shunday ekan, har biringiz kim bilan do'stlashayotganiga qarasin», deganlar (Abu Dovud va Termiziy rivoyati). Siz darhol o'zingizga Allohni eslatadigan soliha dugona yoki ilmli ustoza toping.

Sizdagi holsizlik, dangasalik va mahzunlikka qarshi kurashish uchun esa Nabiy sollallohu alayhi vasallam o'rgatgan ushbu duoni ko'p o'qing: Anas ibn Molik roziallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Allohim! Sendan g'am bosishidan, mahzunlikdan panoh so'rayman. Ojizlikdan, dangasalikdan panoh so'rayman. Baxillikdan, qo'rqoqlikdan panoh so'rayman. Qarzga botishdan va odamlarning g'olib kelishidan panoh so'rayman», deb ko'p duo qilganlarini eshitardim (Imom Buxoriy rivoyati).

Ilmning юqmasligi va namozdagi sustkashlik ko'pincha gunoh sababli qalbning qorayishidan bo'ladi. Uning davosi esa ko'p istig'for aytish va nafsni ibodatlarga majburlashdir. Unutmang, ibodat bu sizni qiynayotgan bezovtaliklardan qutqaruvchi yagona vositadir. Alloh taolo Ra'd surasining 28-oyatida: «Ayo, Allohning zikri ila qalblar orom topmasmi?», deb marhamat qilgan. Shunday ekan, halovatni namoz va zikrdan izlang. Vallohu a'lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar