NAMOZ O‘G‘RILARI KIMLAR?

ID: 930

04.04.2025

80

Savol:

"Namoz o‘g‘rilari" degan iborani eshitib qoldim, shu haqida to‘liq ma’lumot bersangiz, iltimos.

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Namoz o‘qiyotgan kishi namozdagi har bir hatti-harakatini xotirjamlik bilan bajarishi vojib. Buning eng ozi hanafiy mazhabimizda bir tasbih miqdorida a’zolarni xotirjam tutishdir. Namozda shoshqaloqlik qiluvchi kishi esa payg‘ambarimiz alayhissalom hadislarida “namoz o‘g‘risi” deyilgan. U Zot alayhissalom shunday deydilar:

 اسوأ الناس سرقة الذي يسرق من صلاته لا يتم ركوعها ولا سجودها ولا خشوعها. رواه الإمام أحمدعن أبي قتادة رضي الله عنه

ya’ni: “Odamlarning ichidagi o‘g‘rilarning eng yomoni namozidan o‘g‘irlaydigan kishidir. U namozning ruku’si, sajdasi va xushu’sini to‘liq qilmaydi”, - deganlar (Imom Ahmad rivoyatlari).

Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam bu hadisi sharifda ruku va sajdani shoshib, xotirjam holda bajarmagan kishini “namoz o‘g‘irisi”, deb nomlamoqdalar.

Ulamolarimiz ushbu hadis sharhida shunday deydilar: “O‘g‘ri ikki turli bo‘ladi: Biri hammaga ma’lum mol o‘g‘risi, ikkinchisi hadisda kelgan savob o‘g‘risi. Birinchi xildagi o‘g‘ri shu dunyoning o‘zida o‘g‘irlagan molidan foydalanib so‘ng egasini rozi qilib, oxiratdagi jazodan qutilib qolishi mumkin. Ammo savob o‘g‘risi esa, o‘zining savobini o‘g‘irlab, zimmasiga gunohni yuklab, butkul zararda qoladi” (“Mirqotul-mafotih” kitobi). Alloh yanada biluvchi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi 

Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar