NAMOZ HOLATIDA

ID: 2855

26.09.2025

68

Savol:

Namoz vaqtida koʼzlar qayerga qarashi kerak. Bir manbada Attahiyat aytayotganda koʼzni tizzaga qaratish kerak deyishs yana bir manbada qalbga yaʼni koʼksimizga qarash kerak deb aytishdi o‘zi qaysi maqul qaysi bo‘lmaydi? Javob uchun oldindan rahmat.

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim. Hanafiy mazhabimizdagi mo‘’tabar manbalardan biri “Tuhfatul muluk” kitobida bu haqda shunday deyilgan:

يستحب أن يكون نظر المصلي في قيامه: إلى موضع سجوده وفي ركوعه: إلى أصابع رجليه وفي سجوده: إلى طرف أنفه وفي قعوده: إلى حجره وعند التسليمة الأولى: إلى كتفه الأيمن وعند الثانية: إلى كتفه الأيسر

ya’ni: “Namozxon tik turganida ko‘zini sajda qiladigan joyiga, rukusida oyoq barmoqlariga, sajdasida burnining uchiga, o‘tirganida bag‘riga, birinchi salomida o‘ng yelkasiga, ikkinchi salomida chap yelkasiga qaratib o‘tirishi mustahab hisoblanadi”.

Ulamolarimiz: “Namozda ko‘zni mazkur joylarga qaratib turish namozdagi xushu’-xuzu’ning yanada ortishiga sababchi bo‘ladi”, - deganlar.

Namozda ko‘zlar yumilmaydi, osmonga qaralmaydi va har tomonga alanglab ko‘z tashlanmaydi. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar: وَإِيَّاكُمْ وَالاِلْتِفَاتَ فِي الصَّلاَةِ فَإِنَّمَا أَحَدُكُمْ يُنَاجِي رَبَّهُ مَا دَامَ فِي الصَّلاَةِ (رواه الإمام أبو داود والإمام النسائي عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه).

ya’ni: “Namoz ichida har tarafga qarashdan saqlaninglar, chunki kishi modomiki namoz ichida bo‘lar ekan, Parvardigoriga munojot qiladi” (Imom Abu Dovud va Imom Nasoiy rivoyat qilganlar).

Demak, namozdagi kishi Alloh taologa munojot qilar ekan, imkon qadar bor e’tiborini olamlar Robbisi huzurida turganiga qaratishi lozim. Namozda turib boshni qibladan boshqa tarafga burish makruh bo‘ladi. Agar bosh bilan birgalikda gavda ham qibladan burilsa, namoz buziladi. (“Bahrur roiq” kitobi). Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar