NAMOZ HAQIDA

ID: 3747

30.10.2025

77

Savol:

Assalomu alaykum. Menda shunaqa bir muammo bor. 5 mahal namozni to‘liq o‘qiy olmayapman, qaysidir payt charchab yoki boshqa sabablar bilan qoldirib qo‘yapman. Shunga nima maslahat yoki tavsiya berasiz?

Javob:

Va alaykum assalom. Ibodatdan, xususan, namozdan og‘rinish va uzoqlashishning asosiy sabablaridan biri, bu bizning gunohlarimizdir. Har bir inson xato qiladi, lekin bu gunohlar qalbda o‘z izini qoldiradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlarki, mo‘min banda bir gunoh qilsa, qalbida bir qora nuqta paydo bo‘ladi. Agar u darhol tavba qilsa, gunohdan qaytib, istig‘for aytsa, qalbi poklanadi. Agar gunohda davom etsa, o‘sha qora nuqta kattalashib, butun qalbni qoplab oladi. Aynan mana shu dog‘ qalbni qotiradi va uni toat-ibodat lazzatidan to‘sadi.

Shunday ekan, birinchi va eng muhim yechim bu tavba va istig‘fordir. "Astag‘firulloh" zikrini tilingizdan qo‘ymang. O‘zingizdagi kuchsizlik va dangasalikni yengish uchun Allohdan madad so‘rab, "La havla va la quvvata illa billah" zikrini ko‘p ayting. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan ushbu duoni doim o‘qib yuring: "Allohumma, musorrifal qulub, sorrif qulubana ’ala to’atik". Ma’nosi: "Ey qalblarni burib turuvchi Alloh! Qalblarimizni toatingga burgin!".

Sizni qiynayotgan yana bir narsa – bu "keyin o‘qirman", "hozir charchadim" qabilidagi vasvasalar bo‘lishi ham ehtimoldan yiroq emas. Agar shunday bo‘lsa, bilingki, bu shaytonning ig‘vosi. U aynan shu yo‘l bilan sizni ibodatdan qoldirishga urinadi. Bunday xayol kelgan zahoti "A’uzu billahi minash shaytonir rojiym" deng-da, o‘sha fikrni miyangizdan chiqarib tashlang va darhol namozga turing. Shaytonga yangi nayrang topish olishi uchun fursat bermang.

Umidsizlikka tushmang. Sizning shu savolni berishingiz va tashvishlanishingizning o‘zi Alloh taolo sizni yaxshilikka yo‘naltirib qo‘yganining belgisidir. Istig‘forda, duoda va amalda bardavom bo‘ling. Alloh taolo ibodatlarda sobitqadam qilsin. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar