Assalomu alaykum. Shom namozida qadamda o‘tirmay uchinchi rakatga turib ketsa va qaytib qadaga o‘tirsa namozi buziladimi?
Uch va to‘rt rakatli farz namozlarda avvalgi qa’da vojibdir. Agar bilmasdan uchinchi rakatga turib ketsa, qaytib o‘tirmaydi va oxirida sajdai sahv bilan namozini yakunlaydi. Agar qaytib o‘tirsa, namozni buzilishi yoki buzilmasligi borasida muhaqqiq ulamolar o‘rtasida ixtilof bo‘lgan. Jumladan, “Durrul muxtor” kitobida bu haqda shunday deyiladi: ( فَلَوْ عَادَ إلَى الْقُعُودِ ) بَعْدَ ذَلِكَ ( تَفْسُدُ صَلَاتُهُ ) لِرَفْضِ الْفَرْضِ لِمَا لَيْسَ بِفَرْضٍ وَصَحَّحَهُ الزَّيْلَعِيُّ ( وَقِيلَ لَا ) تَفْسُدُ لَكِنَّهُ يَكُونُ مُسِيئًا وَيَسْجُدُ لِتَأْخِيرِ الْوَاجِبِ ( وَهُوَ الْأَشْبَهُ ) كَمَا حَقَّقَهُ الْكَمَالُ وَهُوَ الْحَقُّ بَحْرٌ در المحتار “Agar uchinchi rakatga turib ketgan kishi qa’daga qaytsa, farz bo‘lmagan narsa uchun farzni tark qilgani sababli namozi buziladi. Bu gapni Imom Zayla’iy rahimahulloh sahih, deganlar. Ba’zi ulamolar esa bu masalada namoz buzilmaydi, lekin gunohkor bo‘ladi va vojibni kechiktirgani uchun sahv sajdasini qiladi, deganlar (Namoz buzilmaydi, degan gap mazhab qoidalariga yaqinroqdir). Alloma Kamol ibn Humom rahimahulloh bu masalani tahqiq qilib: “Haq narsa namozni buzilmasligidir”, deganlar. “Bahrur roiq” kitobida shunday kelgan”. Nafl namozlarda avvalgi qa’daga o‘tirmasdan turib ketgan bo‘lsa, modomiki keyingi rakatni sajdasini qilmagan bo‘lsa, qayta o‘tiradi va tashahhudni o‘qiydi. Keyingi rakatdan yana namozini to‘liq davom ettiradi va namozini sajdai sahv bilan yakunlaydi.