NAMOZ HAQIDA

ID: 2414

06.09.2025

106

Savol:

Assalamu aleykim va rohmatulloh. Men talabaman. O‘qish joyim uyimdan uzoqda shunda bu musofirlikka kiradimi yoki kirmaydimi?

Javob:

Fiqhga ko‘ra, kishi xoh talaba bo‘lsin yoki boshqa kasb egasi bo‘lsin, namoz e’tiboridan boradigan joyidagi hukmi uning niyati va o‘sha joyda qolish muddatiga bog‘liqdir. Agar talaba o‘qish joyida 15 kun yoki undan ko‘proq muddat turishni niyat qilsa, u o‘sha yerda muqim hisoblanadi va namozlarini to‘liq o‘qiydi. Bu holatda o‘qish joyi uning uchun "vatani iqomat" (vaqtinchalik yashash joyi)ga aylanadi. Musofirlik hukmi esa o‘z yashaydigan joyidan 90 kilometr uzoqlikdagi safarga chiqib, borgan joyida 15 kundan kam muddat qolishni niyat qilgan kishiga nisbatan qo‘llaniladi. Shu sababli, o‘qish niyatida boshqa shaharga borgan va u yerda uzoq muddat, masalan, 15-20 kun yoki bir necha oy yashashni maqsad qilgan talaba, garchi asliy vatani boshqa joy bo‘lsa ham, o‘sha shaharga kirgan paytidan so‘ng muqimga aylanadi va unga musofirga tegishli yengilliklar qo‘llanilmaydi.

Xulosa qilib aytganda, siz o‘qish joyingizda 15 kundan ortiq muddat qolishni niyat qilsangiz u yerda musofir hisoblanmaysiz, balki muqim hukmida bo‘lasiz. Bunda siz namozlarni to‘liq ado etasiz. Musofirlik hukmi o‘z uyingizga qaytish yoki o‘qish joyingiz joylashgan shaharga borish jarayonidagi safar holatidagina amal qiladi. Ya’ni, yo‘lda ketayotgan vaqtingizda, agar masofa 90 kilometrdan oshsa, namozlarni qasr qilib o‘qishingiz lozim. Ammo o‘qish joyingizga yetib borgach, 15 kun yoki undan ko‘p muddat turishni niyat qilsangiz yana muqimga aylanasiz.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar