Assalomu alaykum savolim shuki bomdod namozi qazo bo’lishi quyosh chiqguncha bolsa peshin ,asr, shom ,hufton namozlariniki qancha vaqtdan keyin qazo boladi shuni tushuntirib bersez domla javob uchun rahmat.
Va alaykum assalom. Bismillohir Rohmanir Rohim.
Bomdod namozi: Bomdod namozining vaqti subhi sodiqdan (tong otgandan) quyosh chiqqunigachadir. Bomdod namozining vaqti kirgandan boshlab quyosh to‘liq chiqqunigacha bomdodning ikki rakat sunnatidan boshqa nafl namoz o‘qish makruhdir. Ammo qazo namoz o‘qisa bo‘ladi. Bomdod namozini o‘qish paytida quyosh chiqib qolsa, bomdod namozi buziladi va quyosh to‘liq chiqqandan keyin qazosi o‘qiladi. Bugungi bomdodning farzi sunnati bilan qazo bo‘lsa va qazosini zavolgacha o‘qisa, sunnati bilan birga qazosi o‘qiladi. Zavolgacha o‘qilmasa, farzini o‘zi qazo qilinadi. Bomdodni sunnatiga ulgurmay, farzini jamoat bilan o‘qigan kishi farzdan keyin sunnatni o‘qimaydi.
Peshin namozi: Peshinning vaqti quyosh qiyomdan og‘ganidan har bir narsaning soyasi qiyomdagi soyadan tashqari o‘zining uzunligidan ikki barobar bo‘lgunichadir. Quyosh qiyomdan og‘gandan boshlab peshin namozining vaqti kirgan bo‘ladi. Qiyomdagi soyadan tashqari har bir narsaning soyasi o‘zining bo‘yiga ikki barobar kelgunicha peshin vaqti hisoblanadi.
Asr namozi: Asrning vaqti har bir narsaning soyasi qiyomdagi soyadan tashqari o‘zining uzunligidan ikki barobar bo‘lganidan boshlab quyosh botgunichadir. Asr namozi ado qilinganidan keyin shom namozi o‘qilgunigacha nafl namoz o‘qish makruh hisoblanadi. Ammo qazo namoz o‘qisa bo‘ladi. Asrga aytilgan azondan keyin takbir aytilgunigacha, bemalol nafl namoz o‘qisa bo‘ladi. Asr namozini quyoshni nuri ko‘zni qamashtirmaydigan darajada kechiktirib o‘qish makruhdir. Kishi bugungi asr namozini o‘qish paytida quyosh botib qolsa, oxirigacha davom ettiraveradi va namozi buzilmaydi.
Shom namozi: Shomning vaqti quyosh botganidan shafaq yo‘qolgunicha. Shafaq ufqdagi qizillikdir. Shom namozini doimo (yilning barcha fasllarida) vaqti kirishi bilan o‘qish mustahabdir. Demak, shom namozining vaqti quyosh ufqqa botishi bilan boshlanib ufuqdagi qizillik yo‘qolgunigacha davom etadi.
Xufton namozi: Xuftonning vaqti shomning vaqti tugagandan boshlab tonggachadir. Vitrning vaqti xufton o‘qilgandan boshlab tonggachadir. Xufton namozini yarim kechadan keyin o‘qish makruhdir.
Qazo bo‘lgan va nafl namozlarni kunning barcha vaqtida o‘qisa bo‘ladi (yuqorida nafldagi istisnolar aytib o‘tildi). Faqat quyosh chiqish, qiyomga kelish va botish vaqtlari bundan mustasno. Bu uch vaqtda hech qanday namoz o‘qib bo‘lmaydi (Manba: “Fathu babil inaya” kitobi). Vallohu a’lam.