NAMOZ DAVOMIDA IMOMNING HOLATINI BILMAY QOLSA, NIMA QILADI?

ID: 76

04.04.2025

55

Savol:

Juma namozi o‘qilayotgan vaqt chiroq o‘chib, biz imomning ovozini eshitmay qoldik va ikkinchi rakatni har kim o‘zicha o‘qidi. Bizning namozimiz to‘g‘ri bo‘ldimi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Bu holatda namoz durust bo‘lmaydi. Chunki, “Fatovoyi Olamgiriya”da shunday deyilgan:

"ولو قام على سطح المسجد واقتدى بإمام في المسجد إن كان للسطح باب في المسجد ولا يشتبه عليه ‌حال ‌الإمام يصح الاقتداء وإن اشتبه عليه ‌حال ‌الإمام لا يصح. كذا في فتاوى قاضي خان".

“Agar masjid tomida turib masjid ichidagi imomga iqtido qilganda imomning holati muqtadiyga ochiq-ravshan bilinib, ko‘rinib tursa iqtido durust bo‘ladi. Agar imomning holati ochiq-ravshan bilinmasa iqtido durust bo‘lmaydi. Fatovoi Qozixonda ham shunday keltirilgan”.

"Bahrur roiq" kitobida shunday deyiladi:

"الثاني:علمه بانتقالات إمامه برؤية أو سماع، فإن كان بينهما حائل يشتبه عليه انتقالاته لم يصح".

"Iqtido durust bo‘lishining shartlaridan ikkinchisi, muqtadiy imomning holatini ko‘rib, eshitib turishi shart. Agar ularning orasida biror to‘siq bo‘lib, muqtadiyga imomning holatini bilish imkonini bermasa, iqtido durust bo‘lmaydi".

Shuning uchun chiroq o‘chish kabi favqulotda bir holat bo‘lib, orqa saflardagi namozxonlar imomning holatini ko‘rmay yoki eshitmay qolsa avvalgi safda imomning holidan xabardor bo‘lgan namozxonlardan biri darhol imomning takbirlarini baland ovozda orqadagilarga yetkazib turishi bilan jamoatning namozi to‘g‘ri ado bo‘lishiga xizmat qilgan bo‘ladi. Lekin savolda aytilganidek o‘zlaricha o‘qib olishlari bilan namoz ado bo‘lmaydi balki, namoz buziladi. Shu sabab bu namozxonlar o‘sha kuni vaqt chiqmasdan turib peshinni, vaqt chiqqandan keyin bo‘lsa peshinni qazosini o‘qib olishlari kerak.

Shu o‘rinda imomning ovozini iqtido qiluvchilarga yetkazib beruvchiga oid  masalani bayon qilamiz:

"و هو أن يرفع أحد المأمومين أو الإمام صوته ليسمع الباقين صوت الإمام وهو جائز بشرط أن يقصد المبلغ برفع صوته الإحرام للصلاة بتكبيرة الإحرام. أما لو قصد التبليغ فقط، فإن صلاته لم تنعقد، و هذا القدر متفق عليه في المذهب أما إذا قصد التبليغ مع الإحرام، أي نوى الدخول في الصلاة. ونوى التبليغ. فإنه لايضر. أما غير تكبيرة الإحرام من باقي التكبيرات، فإنه إذا نوى بها التبليغ فقد فإن صلاته لاتبطل، ولكن يفوته الثواب."

“Imomning ovozini yetkazish – iqtido qiluvchilardan biri yoki imomning o‘zi boshqalar eshitishi uchun ovozini baland ko‘tarishidir. Namozning boshida bo‘lsa, imomning ovozini boshqalarga yetkazib beruvchi kishi namozga kirishni qasd qilishi shart. Ammo, faqatgina ovozni yetkazishni qasd qilsa, uning namozi durust bo‘lmaydi. (Ya’ni namozga kirmagan bo‘ladi. Natijada bunga ergashgan kishilar ham namozga kirmagan bo‘ladi). Bu mazhabda ittifoq qilingan ishdir. Ham namozga kirishni, ham ovozni yetkazishni qasd qilsa, zarari yo‘q. Ammo, takbiri tahrimadan boshqa takbirlarda faqatgini ovoz yetkazish maqsadida ovozini ko‘targan bo‘lsa, namozi botil bo‘lmaydi. Lekin sunnatni savobini topmaydi. (Chunki, imomga iqtido qilgan kishi uchun ham takbirlarni aytish sunnat edi. Bu yerda ovozni yetkazuvchi takbirlarni aytayotgan bo‘lsada, lekin faqatgina yetkazish niyatida aytgani uchun sunnatni savobidan mahrum bo‘lmoqda)"  ("Al-fiqhu alal mazohibil arba’a" kitobi). Shuni ta’kidlash lozimki, juma va hayit namozlariga o‘xshash katta jamoatlarda garchi elektr bo‘lsada, ma’lum bir kishilarga yuqoridagi ovoz yetkazuvchiga tegishli ko‘rsatmalarni o‘rgatib, jamoatning turli joylariga tayinlab qo‘yish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Agar favqulotda elektr uzilib qolsa yoki boshqa sabablar bilan orqa safdagi namozxonlarga imomning ovozi yoki harakatlari noma’lum bo‘lgan vaqtda tayinlangan kishilarning xizmati  bilan jamoatning namozi to‘g‘ri bo‘ladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar