NAMOZ

ID: 3713

29.10.2025

170

Savol:

3 yoki 4 rakatli farz namozlarda 2 rakatdan soʻng attahiyatni aytishni unutib turib ketsa sajdaiy saf qilsa boʻladimi yoki namoz buziladimi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim. To‘rt rakatli namozlarda ikkinchi rakatda Qa’daga o‘tirmagan kishining namozi buzilmaydi, balki sajdai sahv qilish vojib bo‘ladi. Sajdai sahv qilish vojib amallardan bo‘lib, namozdagi ma’lum bir tartib-qoida buzilgan paytda bajariladi. Sajdai sahv bilan, namozda qilingan xato tuzatilgan hisoblanadi. Sajdai sahv qilish tartibi quyidagicha:

  • Oxirgi qa’dada tashahhud o‘qigandan keyin o‘ng tomonga salom beriladi;
  • so‘ngra ikki marta sajda qilinadi;
  • sajdadan qaytib tashahhud, salavot va duo o‘qiladi;
  • so‘ngra ikki tarafga salom berib namoz tugatiladi. Bu haqida quyidagi hadisi sharif rivoyat qilingan:

عَنْ ثَوْبَانَ رضي الله عنه عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَنَّهُ قَالَ "لِكُلِّ سَهْوٍ سَجْدَتَانِ بَعْدَ مَا يُسَلِّمُ" (رواه الإمام أبو داود والإمام ابن ماجة)

Savbon raziyallohu anhudan shunday rivoyat qilinadi, Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Har bir adashish sababli, salom bergandan keyin ikki sajda bor”, dedilar. (Imom Abu Dovud va Ibn Moja rivoyati).

Sajdai sahvni quyidagi hollarda bajarish vojibdir:

  • Agar namoz ichidagi farzlardan biri o‘z o‘rnidan oldin bajarilsa. Masalan, qiroat qilmay rukuga ketib, rukudan qaytib qiroat qilsa;
  • Bir farz o‘z o‘rnidan kechiktirilsa. Masalan, to‘rt rakatli namozning birinchi qa’dasida tashahhuddan so‘ng uchinchi rakatga turmay salavotni eng kamida “Allohumma solli ala Muhammad”gacha o‘qisa (ammo undan oz bo‘lsa sajdai sahv lozim bo‘lmaydi). Bu yerda namozning farzlaridan biri uchinchi rakatning qiyomi kechiktirilgan hisoblanadi;
  • Bir farzni takror qilsa. Masalan, ikki marta ruku qilsa, yoki uch marta sajda qilsa;
  • Biror vojib amalni o‘zgartirsa. Masalan, maxfiy qiroat qilinadigan joyda jahriy qiroat qilsa yoki aksi bo‘lsa;
  • Biror vojibni bajarmasa. Masalan, to‘rt rakatli namozning birinchi qa’dasida o‘tirmasa (“Fathu babil inaya”). Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar