Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuh namozda rukuda borganda ko‘z qayerga qarash kerak farz namozlarida rukuda Sajdada qo‘shimcha duo o‘qisa bo‘ladimi
Va alaykum assalom.
يستحب أن يكون نظر المصلي في قيامه: إلى موضع سجوده وفي ركوعه: إلى أصابع رجليه وفي سجوده: إلى طرف أنفه وفي قعوده: إلى حجره وعند التسليمة الأولى: إلى كتفه الأيمن وعند الثانية: إلى كتفه الأيسر
ya’ni: “Namozxon tik turganida ko‘zini sajda qiladigan joyiga, rukusida oyoq barmoqlariga, sajdasida burnining uchiga, o‘tirganida bag‘riga, birinchi salomida o‘ng yelkasiga, ikkinchi salomida chap yelkasiga qaratib o‘tirishi mustahab hisoblanadi”. 2. Darhaqiqat, sajda holatida qilingan duo ijobatga yaqinligi haqida hadisi sharif va ulamolarimizning so‘zlari ko‘pdir. Chunki, kishi sajdada turganida Allohga eng yaqin holatda bo‘ladi. Bu haqda Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
"أقربُ مَا يَكونُ العبْدُ مِن ربِّهِ وَهَو ساجدٌ، فَأَكثِرُوا الدُّعاءَ" (رواهُ الإمام مسلم).
ya’ni: “Banda Rabbisiga eng yaqin bo‘ladigan holati sajda qilgan vaqtidir. Shunday ekan, (bu paytda) duoni ko‘paytiringlar” (Imom Muslim rivoyati).
Demak, banda Alloh taologa eng yaqin holatda turib duo qilsa, duosi ham ijobatga yaqin bo‘ladi.
Hanafiy mazhabimizda farz va vojib namozlarining sajdasida sunnat bo‘lgan tasbehlarga hech narsani ziyoda qilinmaydi. Faqat “Subhaana Robbiyal a’laa” deyiladi xolos. Bu haqda Imom Shurunbuloliy shunday deydilar:
وَلاَ يَأْتِي فِي الرُّكُوعِ أَوِ السُّجُودِ بِغَيْرِ التَّسْبِيْحِ وَقَالَ الشَّافِعِيُّ يَزِيْدُ فِي الرُّكُوعِ اَللَّهُمَّ لَكَ رَكَعْتُ وَلَكَ خَشَعْتُ وَلَكَ أَسْلَمْتُ وَعَلَيْكَ تَوَكَّلْتُ. وَفِي السُّجُودِ سَجَدَ وَجْهِي لِلَّذِيْ خَلَقَهُ وَصَوَّرَهُ وَشَقَّ سَمْعَهُ وَبَصَرَهُ فَتَبَارَكَ اللهُ أَحْسَنُ الْخَالِقِيْنَ. كَمَا رُوِيَ عَنْ عَلِيٍّ قُلْنَا هُوَ مَحْمُولٌ عَلَى حَالَةِ التَّهَجُّدِ
ya’ni: “Ruku yoki sajdada tasbehdan boshqa narsani aytmaydi. Imom Shofe’iy Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilingani kabi rukuda:
اَللَّهُمَّ لَكَ رَكَعْتُ وَلَكَ خَشَعْتُ وَلَكَ أَسْلَمْتُ وَعَلَيْكَ تَوَكَّلْتُ.
“Ey, Alloh sen uchun ruku qildim, senga xushu qildim, senga bo‘ysundim, senga tavakkal qildim”, sajdada esa:
سَجَدَ وَجْهِي لِلَّذِي خَلَقَهُ وَصَوَّرَهُ وَشَقَّ سَمْعَهُ وَبَصَرَهُ فَتَبَارَكَ اللهُ أَحْسَنُ الْخَالِقِينَ
“Yuzim uni yaratgan, surat bergan, quloq va ko‘zini ochgan zotga sajda qildi. Go‘zal yaratuvchi Alloh muborak bo‘ldi”, deb aytadi, deydilar. Biz (ya’ni, Hanafiylar): “Bu (duolar) tahajjud namoziga xosdir”, deymiz” (“Maroqul-falah”). Demak, yuqorida kelgan va Qur’oni karim hamda hadisi shariflarda zikr qilingan duolarni tahajjud namozida, shu jumladan nafl namozlarda ham qilish mumkin.
Ammo odamlardan so‘raladigan narsani nafaqat farz va vojib namozlarining sajdasida, balki nafl namozlarining sajdasida ham so‘rash joiz emas. Masalan, “Allohumma a’ti maalan” ya’ni “Ey, Alloh! Menga mol ber” yoki “Allohumma a’ti samanan” ya’ni “Ey, Alloh! Menga pul ber” kabi duolar. Agar so‘ralsa namoz buziladi.
Shuni ham bilish kerakki, ruku yoki sajdada Qur’on qiroat qilish mumkin emas. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
قَالَ رَسُولُ اَللَّهِ صلى الله عليه وسلم {أَلَا وَإِنِّي نُهِيتُ أَنْ أَقْرَأَ اَلْقُرْآنَ رَاكِعًا أَوْ سَاجِدًا فَأَمَّا اَلرُّكُوعُ فَعَظِّمُوا فِيهِ اَلرَّبَّ وَأَمَّا اَلسُّجُودُ فَاجْتَهِدُوا فِي اَلدُّعَاءِ فَقَمِنٌ أَنْ يُسْتَجَابَ لَكُمْ} رَوَاهُ الامام مُسْلِمٌ
ya’ni: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Ogoh bo‘lingki, men ruku yoki sajda holida qiroat qilishdan qaytarildim. Rukuda Robbni ulug‘langlar, sajdada duoga harakat qilinglar. Mana shunda ijobatga loyiq bo‘lasizlar” (Imom Muslim rivoyati).
Ulamolarimiz bu hadisdagi sajdada duoga jiddu jahd qilishni ham nafl namozlarga xos deydilar.
Jumladan, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda aytilishicha Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sajdada mana bu duoni qilardilar:
«اللَّهُمَّ اغْفِرْ لي ذَنْبِي كُلَّهُ: دِقَّهُ وَجِلَّهُ، وَأَوَّلَهُ وَآخِرَهُ، وَعَلاَنِيَتَهُ وَسِرَّهُ». رواه الامام مسلم
ya’ni: “Ey, Alloh! Mening hamma gunohlarimni kechir, kichigini ham, kattasini ham, avvalgisini ham, oxirgisini ham, ochig‘ini ham, maxfiysini ham kechir” (Imom Muslim rivoyati). Vallohu a’lam.