Assalomu alaykum Bomdod namoziga uxlab qolibman endi uni qazosini o‘qiysigan bo‘lsam peshingacha sunnatini ham qo‘shib o‘qiymanmi? Keyin bomdodni farziga yetib borsam masjidga keyin sunnatini o‘qib qoyamanmi? Javob uchun oldindan rahmat.
Va alaykum assalom. 1. Ha, bomdodga uxlab qolgan kishi uni qazo qilayotganda zavol vaqtigacha sunnatini ham qo‘shib qazo qilib o‘qiydi. 2. Bismillahir Rohmanir Rohim. Bomdodning ikki rakaat sunnatini o‘qimagan odam imomni farz namozida topsa, qaraydi: agar sunnatni o‘qisa, hech bo‘lmaganda farzning bir rakaatiga ulguradigan bo‘lsa, sunnatni o‘qib, so‘ngra imomga iqtido qiladi. Mana shunda ham sunnat, ham jamoatning fazilatiga erishadi. Chunki Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
"مَنْ أَدْرَكَ رَكْعَةً مِنَ الْصَلاَةِ فَقَدْ أَدْرَكَ الْصَلاَةَ" (رواه الإمام مسلم والإمام ابن ماجة عن أبي هريرة رضي الله عنه)
ya’ni: “Kim namozdan bir rakaatni topsa, haqiqatan o‘sha namozni topibdi” (Imom Muslim va Imom Ibn Moja rivoyati)”.
Bunday holatda sunnatni farz o‘qilayotgan safda o‘qimaydi. Chunki ulamolar bundan qaytarganlar, makruh bo‘ladi. Balki, imkon bo‘lsa, boshqa xonada yoki safdan uzoqroq joyda o‘qib, tezlik bilan jamoatga qo‘shiladi. Agar sunnatni o‘qisa, farzning bir rakaatiga ham ulgurmaydigan bo‘lsa, sunnatni o‘qimasdan, farz o‘qish uchun jamoatga ergashadi. Chunki jamoatga ergashishning savobi sunnatni o‘qish savobidan ko‘proqdir. Jamoatni fazilati haqida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
"صَلاَةُ الْجَمَاعَةِ تَفْضُلُ صَلاَةَ الْفَذِّ بِسَبْعٍ وَعِشْرِيْنَ دَرَجَةً" (رواه الإمام البخاري والإمام مسلم عن عبد الله بن عمر رضي الله عنهما)
ya’ni: “Jamoat bilan o‘qilgan namoz yolg‘iz o‘qilgan namozdan yigirma yetti daraja afzaldir” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati)”. Shuni ham unutmaslik kerakki, bomdodning farziga qo‘shilgani sababli o‘qilmay qolgan bomdodning sunnatini farzdan keyin o‘qilmaydi. Balki sunnat bunday kishidan soqit bo‘ladi. Chunki bomdodni sunnati faqat bir o‘rinda qazo qilinadi. U ham bo‘lsa, bomdodning sunnati farzi bilan birga qazo bo‘lib, bugungi bomdod namozining qazosini zavol vaqtigacha o‘qiydigan kishi sunnatini ham birga qazo qilib o‘qiydi, zavoldan keyinga qolsa, faqat farzi o‘qiladi. (“Fathu babil inoya” va “Hidoya” kitoblari). Vallohu a’lam.