NAMOZ

ID: 1961

18.08.2025

105

Savol:

Assalomu alaykum ustozlar. Namozxon namozda bir suraning bir oyatini qiroat qilish davomida yodidan chiqib qolsa va boshqa surani zam qilsa shu holatda namozining kayfiyati haqida dinimizning hukmi qanday

Javob:

Va alaykum assalom. Namozda fotihadan keyin biror sura yoki kamida uch oyatni zam sura sifatida qiroat qilish vojib amal sanaladi. Shunga ko‘ra zam sura qilish yodidan ko‘tarilgan bo‘lsa, namozining oxirida sahv sajdasi qiladi. Agar zam surani qasdan tark qilgan bo‘lsa, u holda namozni qaytadan o‘qiydi. Agar biror suradan kamida uch oyat o‘qiganidan keyin adashib qolsa yoki yodiga kelmay qolsa yoki qiroat qilishdan tutilib qolsa, u holda rukuga ketaveradi. Ya’ni, boshqa suraga o‘tmaydi. Chunki bunday qilish makruh sanaladi. Bu haqida faqih Ibrohim Halabiy rohimahulloh shunday zikr qilganlar: وَ يُكْرَهُ (أَنْ يَقْرَأَ كَلِمَةً أَوْ كَلِمَتَيْنِ مِنْ سُورَةٍ ثُمَّ يَتْرُكَ) تِلْكَ السُّورَةَ، [بِغَيْرِ عُذْرٍ]، (وَيَبْدَأَ) القِرَاءَةَ (مِنْ سُورَةٍ أُخْرَى)، وَكَذَا لَوِ انْتَقَلَ إِلَى آيَةٍ أُخْرَى مِنْ تِلْكَ السُّورَةِ، وَتَرَكَ بَيْنَهُمَا شَيْئًا؛ لِأَنَّ فِيهِ إِعْرَاضًا عَمَّا شَرَعَ فِيهِ، وَإِيهَامَ تَفْضِيلِ غَيْرِهِ عَلَيْهِ. وَأَمَّا إِذَا كَانَ عُذْرٌ؛ كَأَنْ حُصِرَ عَمَّا بَعْدَ تِلْكَ الآيَةِ، قَبْلَ أَنْ يُتِمَّ سُنَّةَ القِرَاءَةِ؛ فَلَا يُكْرَهُ الِانْتِقَالُ إِلَى آيَةٍ أُخْرَى مِنْ تِلْكَ السُّورَةِ، أَوْ مِنْ غَيْرِهَا “Bir suradan bir yoki ikki yoki oyatni o‘qiganidan keyin beuzr mazkur surani tark qilishi va boshqa surani qiroat qilishni boshlashi makruh sanaladi. Shuningdek mazkur suraning boshqa oyatlariga o‘tib ketib, o‘qigan oyatlari orasidan bir nechta oyatlarni tark qilishi ham makruhdir. Chunki bu ishda o‘qishni boshlagan surasidan yuz o‘girish va boshqasini undan ustun qo‘yish gumonini keltirib chiqarish ehtimoli mavjud. Ammo uzr tufayli bo‘lsa, masalan: qiroatning sunnat miqdorini ado qilishidan oldin keyingi oyat kelmay qolsa, u holda o‘sha suraning o‘zidagi boshqa oyatga yoki boshqa suraga o‘tib ketishi makruh bo‘lmaydi” (“Sharhu munyatul-musolliy”). Demak uch oyatdan kam o‘qiganidan keyin adashib ketsa, u holda boshqa suradan kamida uch oyat zam sura qiladi. Lekin sahv sajdasi vojib bo‘lmaydi. فَإِنْ عَرَضَ لَهُ شَيْءٌ مِنَ الحَصْرِ انْتَقَلَ إِلَى آيَةٍ أُخْرَى، أَوْ يَرْكَعْ إِنْ كَانَ قَدْ قَرَأَ مَا يَكْفِيهِ. “Agar namozda qiroatdan tutilib qolsa, boshqa oyatga o‘tadi yoki kifoya miqdoricha o‘qigan bo‘lsa, rukuga ketaveradi” (“Sharhu munyatul-musolliy”). Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar