NAJOSAT TEKKAN IDISHLARNI POKLASH

ID: 184

04.04.2025

155

Savol:

Harom mahsulotlar istemol qilingan qoshiq yoki idishlarni bir ikki suvda yuvib tashlab ishlatsa bo‘laveradimi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Qoshiq va boshqa idishlar o‘ziga suv shimmaydigan bo‘lsa, ularni ketma-ket uch marta yuvish bilan poklanadi. Agar ular suv shimadigan bo‘lsa, qatron qilish — uch marta yuvib quritish bilan pok bo‘ladi. Har yuvganda tomchi tommay qolguncha quritiladi.

Bu haqida Alloma Ibn Obidin rahimahulloh shunday deydilar:

مَا لَا يَتَشَرَّبُ النَّجَاسَةَ مِمَّا لَا يَنْعَصِرُ يَطْهُرُ بِالْغَسْلِ ثَلَاثًا وَلَوْ بِدَفْعَةٍ بِلَا تَجْفِيفٍ كَالْخَزَفِ وَالْآجُرِّ الْمُسْتَعْمَلَيْنِ كَمَا مَرَّ وَكَالسَّيْفِ وَالْمِرْآةِ وَمِثْلُهُ مَا يُتَشَرَّبُ فِيهِ شَيْءٌ قَلِيلٌ كَالْبَدَنِ وَالنَّعْلِ

"Siqib bo‘lmaydigan narsalar najosatni o‘ziga shimib olmagan bo‘lsa, uni uch marta yuvish bilan pok bo‘ladi. Hatto ketma-ket quritmasdan yuvilsa ham pok bo‘ladi. Ishlatilgan sopol va g‘isht bunga misol bo‘lishi o‘tgan o‘rinlarda aytildi (chunki bu mahsulotlar ko‘p ishlatilishi natijasida o‘ziga suv shimmaydigan bo‘lib qoladi). Yana qilich va ko‘zgu kabi (silliq, yaltiroq suv shimmaydigan narsa)larning ham hukmi shunday.

Badan va kovush kabi namlikni kam miqdorda shimadigan narsalarni poklash ham yuqoridagidek bo‘ladi (ya’ni ketma-ket uch marta yuvib poklanadi, har safar quritish shart emas)" ("Raddul muhtor").

Siqib bo‘lmaydigan idishlarni poklash haqida “Fatovo hindiya” kitobida shunday deyiladi:

وَمَا لَا يَنْعَصِرُ يَطْهُرُ بِالْغَسْلِ ثَلَاثَ مَرَّاتٍ وَالتَّجْفِيفُ فِي كُلِّ مَرَّةٍ ؛ لِأَنَّ لِلتَّجْفِيفِ أَثَرًا فِي اسْتِخْرَاجِ النَّجَاسَةِ وَحَدُّ التَّجْفِيفِ أَنْ يُخَلِّيَهُ حَتَّى يَنْقَطِعَ التَّقَاطُرُ وَلَا يُشْتَرَطُ فِيهِ الْيُبْسُ هَكَذَا فِي التَّبْيِينِ هَذَا إذَا تَشَرَّبَتْ النَّجَاسَةُ كَثِيرًا وَإِنْ لَمْ تَتَشَرَّبْ فِيهِ أَوْ تَشَرَّبَتْ قَلِيلًا يَطْهُرُ بِالْغَسْلِ ثَلَاثًا هَكَذَا فِي مُحِيطِ السَّرَخْسِيِّ

“Siqib bo‘lmaydigan narsalarni uch marta yuvib, quritish bilan poklanadi. Quritish bilan ham najosat chiqib ketadi. Qurishning chegarasi o‘sha narsadan suv tommaydigan darajada chiqib ketishidir. Qup-quruq bo‘lishi shart emas. (“Tabyin”).

Yuqorida aytilgan qatron masalasi najosatni ko‘p shimib olgan narsalar haqidadir. Agar o‘sha narsalar najosatni shimmagan bo‘lsa yoki oz miqdorda shimgan bo‘lsa, uch marta yuvish bilan pok bo‘ladi. Quritish shart emas" (“Muhiyti Saraxsiy”, “Fatovo hindiya”). Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar