Tahajjud namozini to‘rt rakat o‘qiydigan bo‘lsam sunnat namoz kabi o‘qiymanmi yoki farz namozi kabi uchinchi va to‘rtinchi rakatda zam sura qo‘shmasdan o‘qiymanmi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Nafl namozining hamma rakatida qiroat qilish farz. Chunki, to‘rt rakatli nafl namozida har bir juft alohida namoz hisoblanadi. Bu haqida fiqhiy kitoblarimizda shunday deyilgan.
فرضها التحريمة والقيام وقراءة اية في كل من ركعتي الفرض وفي كل من الوتر والنفل
"Namozning farzi takbiri tahrima, qiyom va to‘rt rakatlik namozlarning avvalgi juftligida, vitr hamda nafl namozlarining har bir rakatida qiroat qilishdir" (“Muxtasarul viqoya” kitobi).
To‘rt rakatli farz namozlarining avvalgi juftligida qiroat qilish farz. Uchinchi va to‘rtinchi rakatida sunnatdir. Xohlasa, qiroat qilishi, xohlasa, tasbih aytishi yoki tasbih miqdoricha sukut qilishi ham mumkin. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.