QIBLAGA QARAGAN HOJATXONADAN FOYDALANISHNING HUKMI

ID: 927

04.04.2025

364

Savol:

Chet el safarlarida ko‘p yuramiz. Mehmonxonalardagi hojatxonalarning ayrimlari qibla tomonga qaragan bo‘ladi. Shunday holatlarda bu hojatxonalardan foydalanish hukmi qanday?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Ochiq joyda ham, binoning ichida ham Qiblaga oldini yoki orqasini qilib hojat chiqarish makruhdir. Bu mavzuda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deydilar:

إِذَا أَتَيْتُمُ الْغَائِطَ فَلَا تَسْتَقْبِلُوا الْقِبْلَةَ وَلَا تَسْتَدْبِرُوهَا، وَلَكِنْ شَرِّقُوا أَوْ غَرِّبُوا». قَالَ أَبُو أَيُّوبَ: فَقَدِمْنَا الشَّأْمَ فَوَجَدْنَا مَرَاحِيضَ بُنِيَتْ قِبَلَ الْقِبْلَةِ، فَنَنْحَرِفُ وَنَسْتَغْفِرُ اللهَ تَعَالَى. (متفق عليه عن أبي أيوب رضي الله عنه )

ya’ni: “Qazoi hojatga borganingizda qiblaga yuzlanib ham, unga orqa qilib ham o‘tirmanglar, balki sharqqa yoki g‘arbga qarang”, dedilar”. Abu Ayyub raziyallohu anhu aytadilar: “Shomga kelib, qibla tarafga qaratib qurilgan hojatxonalarni ko‘rdik. Biz (qibladan) biroz burilar va Alloh taolodan mag‘firat so‘rar edik” (Muttafaqun alayh).

Bu hadisi sharif Madina shahrida aytilgani uchun u yerda turgan kishi sharqqa yoki g‘arbga qarab o‘tirishi to‘g‘ri ekani aytilmoqda. O‘rta Osiyo, xususan yurtimiz O‘zbekistonda esa, Janub yoki Shimolga qarab o‘tirish to‘g‘ri bo‘ladi. Bizda Qibla G‘arb tomonda joylashgani uchun, quyosh chiqish yoki botish tomonlariga qarab o‘tirilmaydi.

Fuqaholarimiz kishi hojatxonada uzrsiz qiblaga qarash makruh ekaniga ittifoq qilganlar. Agar  bilmasdan qiblaga qarab o‘tirib olsa, tezda boshqa tamonga yuzlanib oladi. Agar boshqa tamonga yuzlanishning imkoni bo‘lmasa, makruh bo‘lmaydi” (“Raddul muhtor” kitobi). Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar