Madrasada ta’lim oluvchi toliba qizlar odat kunlarida qiroat darsini topshirishi mumkinmi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Talaba qizlar hayz ko‘rayotgan vaqtlarida Qur’on qiroati fanidan dars topshirmay, oshkora hoiza ekanliklarini aytadilar hamda darsni boshqa kunda topshiradilar. Imtihon topshirish haromni joiz qilmaydi. Chunki junub bo‘lgan inson yoki hayz, nifos qoni ko‘rayotgan ayollar Qur’oni karim oyatlarini (hatto yoddan ham) o‘qishlari mutlaqo joiz emas. Mo‘tabar fiqhiy manbalarimizda shunday deyiladi:
وَمِنْهَا حُرْمَةُ قِرَاءَةِ الْقُرْآنِ لَا تَقْرَأُ الْحَائِضُ وَالنُّفَسَاءُ وَالْجُنُبُ شَيْئًا مِنْ الْقُرْآنِ
Nopok kishilarga qilishi mumkin bo‘lmagan ishlar jumlasidan: Qur’onni qiroat qilish haromligi. Hoiza, nifos ko‘rayotgan ayol, junub kishilar Qur’ondan biror narsani o‘qimaydilar (Fatovi Hindiya). Ammo bunday kishilar qiroatni niyat qilmasdan, masalan shukr qilish uchun oyatlarni o‘qisalar joiz.
وَالْآيَةَ وَمَا دُونَهَا سَوَاءٌ فِي التَّحْرِيمِ عَلَى الْأَصَحِّ إلَّا أَنْ لَا يُقْصَدَ بِمَا دُونَ الْآيَةِ الْقِرَاءَةُ مِثْلُ أَنْ يَقُولَ الْحَمْدُ لِلَّهِ يُرِيدُ الشُّكْرَ أَوْ بِسْمِ اللَّهِ عِنْدَ الْأَكْلِ أَوْ غَيْرِهِ فَإِنَّهُ لَا بَأْسَ بِهِ
Asah qovlda hoiza, nifos ko‘rgan ayol, junublar qiroat qilishlari haromligida bir oyat va undan ozrog‘i ham barobardir. Lekin bir oyatdan ozrog‘ini tilovatni qasd qilmasdan o‘qisa, masalan shukr qilmoqchi bo‘lib “Alhamdu lillah”, desa yoki taomlanish va boshqa ishlardan avval “Bismillah”, desa zarari yo‘qdir. (Fatavoi Hindiya).
Demak, talaba qizlar bu masalaga jiddiy e’tibor berishlari lozim. Agarda qiroat ustoziga hoiza ekanligini ochiq aytishga uyalsalar, qiroat darsi boshlanishidan avval guruh rahbari orqali yoki qog‘ozga yozib, ustozning stoli ustiga qo‘yib qo‘yish orqali bo‘lsada ustoziga ma’lum qilishlari kerak bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.