ISTIHORA NAMOZI HAQDA SAVOL

ID: 13395

16.06.2026

162

Savol:

Istihora namozi o'qilish tartibi qanday?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohim.

“Istixora” so'zi lug'atda “yaxshilik izlash”, “bir narsaning yaxshirog'ini tanlash” degan ma'noni anglatadi. Musulmon kishi muboh bo'lgan ikki ishdan qaysi birini qilishini bilmay qolganida, xayrlisini tanlash uchun ikki rakat istixora namozi o'qiydi.

Istixora namozida xohlagan surasini o'qiydi. Lekin birinchi rakatida “Fotiha” surasidan keyin “Kofirun” surasini, ikkinchi rakatda zam suraga “Ixlos” surasini o'qisa yaxshiroq. Istixora namozidan so'ng ushbu duo o'qiladi:

اللَّهُمَّ إِنِّي أَسْتَخِيرُكَ بِعِلْمِكَ، وَأَسْتَقْدِرُكَ بِقُدْرَتِكَ، وَأَسْأَلُكَ مِنْ فَضْلِكَ الْعَظِيمِ، فَإِنَّكَ تَقْدِرُ وَلَا أَقْدِرُ، وَتَعْلَمُ وَلَا أَعْلَمُ، وَأَنْتَ عَلَّامُ الْغُيُوبِ، اللَّهُمَّ إِنْ كُنْتَ تَعْلَمُ أَنَّ هَذَا الْأَمْرَ خَيْرٌ لِي فِي دِينِي وَمَعَاشِي وَعَاقِبَةِ أَمْرِي، - عَاجِلِ أَمْرِي وَآجِلِهِ -، فَاقْدُرْهُ لِي وَيَسِّرْهُ لِي، ثُمَّ بَارِكْ لِي فِيهِ، وَإِنْ كُنْتَ تَعْلَمُ أَنَّ هَذَا الْأَمْرَ شَرٌّ لِي فِي دِينِي وَمَعَاشِي وَعَاقِبَةِ أَمْرِي، - عَاجِلِ أَمْرِي وَآجِلِهِ -، فَاصْرِفْهُ عَنِّي وَاصْرِفْنِي عَنْهُ، وَاقْدُرْ لِيَ الْخَيْرَ حَيْثُ كَانَ، ثُمَّ أَرْضِنِي بِهِ.

Ma'nosi: “Ey Alloh, Sening ilming bilan Sendan yaxshilik so'rayman. Sening qudrating bilan Sendan qodirlik va ulug' fazlingni so'rayman. Sen (har narsaga) qodirsan, men qodir emasman. Sen (har narsani) biluvchisan, men bilmayman. Sen g'aybni biluvchisan. Allohim, agar mana shu qilmoqchi bo'lgan ishim dinimda, hayotimda, ishlarimning oqibatida, dunyo va oxiratimda men uchun yaxshi bo'lsa, uni menga nasib etgin va oson qilgin. So'ng uni menga barakotli qilgin. Agar mana shu ishim dinimda, hayotimda, ishlarimning oqibatida, dunyo va oxiratimda men uchun yomon bo'lsa, mendan uni uzoqlashtir, qaerda bo'lsa ham, men uchun yaxshilikni taqdir qilgin va meni undan rozi etgin”.

So'ngra o'sha ishni qilish yoki qilmaslik to'g'risida ko'ngli moyil bo'lgan tomonga harakat qiladi. Ushbu namozni o'qigandan keyin mazkur ish haqida o'ylamay, Alloh ixtiyor qiladigan narsani kutib юradi. Keyin ko'ngliga tushib, o'ziga ma'qul bo'lib, qilgisi kelib qolsa amalga oshiradi. Bu haqda tush ko'rishi ham mumkin. Agar ish bir tarafga o'tmay turib qolsa istixora namozini yana qaytadan o'qiydi. Qayta o'qish etti martagacha bo'ladi. Anas raziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: “Ey Anas qachon sen bir ishni qilmoqchi bo'lsang u ish borasida Alloh taolodan etti martagacha istixora qilgin. So'ng uning natijasiga qara. Dilingga nima solinsa o'shani ixtiyor qil, sen uchun o'sha narsa yaxshidir” dedilar.

Ko'rinib turibdiki, istixora namozi ham boshqa namozlar kabi bandani Alloh taologa bog'lovchi omildir. Istixora – bir ishni qilmoqchi bo'lganda Alloh taoloning o'ziga yolvorib, yaxshi yo'l ko'rsatishini so'rashdir. Bu ma'no esa, musulmon kishi hayotida namozning o'rni qanchalar muhim ekanini yana bir bor ko'rsatadi. Musulmon kishi hatto qiladigan dunyoviy ishida ham Alloh taoloning o'zidan maslahat so'rash imkoniga egadir. Vallohu a'lam.

O'zbekiston musulmonlari idorasi fatvo hay'ati.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar