AYOL JANNATDA QAYSI ERI BILAN BIRGA BO'LADI?

ID: 4781

04.12.2025

318

Savol:

Assalomu alaykum. Agar ayol bir va undan ortiq turli sabablarga ko'ra bir-biri bilan kelisha olmay ajrashib ketib yoki eri vafot etib, yana qayta boshqa inson bilan nikoh qilsa, bunda jannatda u ayol qaysi turmush o'rtog'i bilan birga ko'rishadi va birga yashaydi? Mening onam dadam bilan ajrashib, talog'ini olib, boshqa turmush qurdi va ikkinchi turmush o'rtog'i vafot etib, yana boshqa, uchinchi marta turmush qurdi. Bunda onam qaysi bir umr yo'ldoshi bilan jannatda birga yashaydi?

Javob:

Vaalaykum assalom. Muslima ayol jannatda o'zining jannatiy eri bilan birga yashaydi va erining huzuridagi hurlarning sardori bo'ladi. Alloh taolo bu ayolni ulardan ham go'zal va jozibali qilgani uchun ushbu juftlik bir-biriga judayam muhabbatli bo'lishadi. Agar dunyoda ayol ikki yoki undan ortiq marta turmush qurgan bo'lsa, uning jannatdagi eri qaysi biri bo'lishi haqidagi savolga ulamolar quyidagi javoblarni berishgan:

  1. bunday ayol jannatda dunyodagi oxirgi eri bilan birga bo'ladi. Quyidagi rivoyat ushbu fikrni tasdiqlaydi: Muoviya ibn Abu Sufyon Abu Dardo roziyallohu anhu vafotidan keyin Ummu Dardo roziyallohu anhoga sovchi qo'ydilar. Ummu Dardo shunday javob berganlar: "Men Abu Dardoning bunday deganini eshitganman: "Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mana bunday deganlarini eshitganman: "Qaysi bir ayol eri vafot etganidan keyin turmushga chiqsa, u oxirgi eriniki bo'ladi". Men esa Abu Dardoni qo'yib, sizni tanlamayman”.

  2. bu ayol dunyoda unga yaxshi munosabatda bo'lgan eri bilan birga bo'ladi. Ayolga zulm qilgan, uni xafa qilgan er esa bu ayoldan mahrum bo'ladi. Hazrat Ummu Salama roziyallohu anho aytadilar: "Men: "Ey, Allohning Rasuli, bizdan bir ayol ikki, uch, to'rt erga tegib, so'ngra vafot etsa va jannatga kirsa, ular ham u bilan birga kirsa, kim uning eri bo'ladi?", dedim. U zot: "Ey Ummu Salama, albatta, unga tanlash huquqi beriladi va ularning eng go'zal xulqlisini tanlaydi va aytadi: "Ey Robbim, dunyo hayotida men bilan eng go'zal xulqda bo'lgan shu edi, meni unga nikohlab qo'ygin". Ey Ummu Salama, go'zal xulq dunyo va oxiratning yaxshiliklarini qo'lga kiritadi", dedilar”.

  3. erlarining hammasi xulqda teng bo'lsa, u holda oxirgi eriga nasib etadi, agar unday bo'lmasa, ayolga tanlash huquqi beriladi. Mana shu gap ayrim ulamolarning fikri bo'lib, bu gap юqoridagi barcha fikrlarning umumlashtirilganidir. Vallohu a'lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar