Assalamu alaykum. Fatvo Markazini tashkil qilgan va unda faoliyat yuritib, savollarimizga beminnat javob berayotganlarga Allohni rahmati bo'lsin. Men 20 yoshdaman. Men tug'ilganimda ota-onam meni ammamga berishgan. Ammam 13 yil farzand ko'rmagani uchun ukasini o'g'lini (ya'ni meni) farzandlikka olgan. Ammam va eri meni o'z nomlariga o'tkazib olishgan. Ya'ni guvohnomada ota-ona sifatida o'zlarini ismlarini kiritishgan. Menga esa aytishmagan. Men ularni "ota-ona" deb ulg'ayganman. Haqiqiy ota-onamni esa "Tog'a" va "Yanga" deb katta bo'lganman. Keyinchalik o'zim sezganman. Bir marta "onam"-dan (ya'ni ammamdan) so'raganimda "Bizni farzandimizsan" - deb javob berganlar. Lekin o'zim sezar edim haqiqatni. Ular xafa bo'lishmasin deb, ularga bilishimni bildirmadim. Keyinroq (≈ 14 yoshimda) asl haqiqatni, ya'ni haqiqiy ota-onam bular emasligi va haqiqiy ota-onam kim ekanligiga 100% amin bo'ldim. Shunda ham bilishimni bildirmadim va haqiqiy ota-onamni "Tog'a" va "Yanga" deb yuraverdim. Meni katta qilgan (boqib olgan) "ota-onam" meni o'z farzandidek ko'rgan. Taqdir taqozosi bilan 17 yoshimda "Onam" (ya'ni ammam) olamdan o'tdilar. Bu voqeadan 1 yil o'tmay. Meni tuqqan ayol, yani haqiqiy onam bor voqeani aytdilar. Men buni oldinroq bilar edim. Men shunda ham "Ona" deb chaqirmadim. "Yanga" deb chaqirishga odatlangan edim. Lekin 1 yildan keyin "Ona" deb chaqirishni boshladim. Hozir haqiqiy otamni ham asta-asta "Ota" deyapman. Buni oilam (ya'ni meni katta qilgan odamlar) bilmaydi ("Tog'a" va Yanga" emas balki "Ota-ona" deyishimni). Men haqiqatni bilish-bilmasligimni biladilarmi yo'qmi bilmayman. Katta ehtimol biladilar. Hozir ham katta bo'lgan uyimda yashayman. Universitetda tahsil olyapman. Meni ta'minotimni to'liq boqib olgan oilam qiladi. Yuqorida aytganimdek hujjatdagi (guvohnoma, ID karta, pasport va hokazolar) familiya va ochestvam shularniki. Kim "Kimni o'g'lisan?" - desa, hujjatdagi familiya-ochestvani aytaman. Endi hozirlar bu ish gunohligini bilyapman. Ahzob surasini 4-5-oyatlarini tafsiri bilan tanishdim. Shu masala haqida yozilgan ekan. Yana bir nechta hadislarda shu masala bor ekan. Men hozir nima qilishni bilmayapman. Buni ancha vaqtdan beri so'ramoqchiman. Men nima qilishni bilmayapman. Nima qilishim kerak? Hujjatdagi nasab (familiya ochestva) nima bo'ladi? Meni boqqan, farzandidek ko'rgan odamni "Ota" - deb chaqirsam, nima bo'ladi? O'zimni tanishtirayotganda "Falonchini o'g'liman" - degan paytimda kimni ismini aytay? Meros masalasi nima boladi (meni boqqan odamni farzandi yo'q) Nasab masalasi nima bo'ladi? Uylanib farzand ko'rsam, ularni familiyasi nima bo'ladi? Bu masalalarni qanday hal qilay? Men shu masalalar bo'yicha fatvo so'ramoqchiman. Masalaga aniq fatvo berishga vaziyatni to'liq bilish kerakligi uchun hozirgi vaziyatimni to'liq bildirishga harakat qildim. Barcha tafsilotlarni ko'rsatishga harakat qildim. Maqsadim payg'ambarimizni (s.a.v.) "... Allohni, farishtalarni va butun insonlarning la'nati bo'lsin" deb aytgan toifaga kirib qolmaslik. Alloh subhanahu va ta'ologa osiy bo'lmaslik. Alloh Ta'oloni buyrug'iga xilof yo'l tutmaslik. Shu bilan birga shu kungacha meni katta qilgan va ta'minotimni qilib kelayotgan oilamni xafa qilmaslik. Ko'nglini og'ritmaslik. Menga to'g'ri yo'lni ko'rsatinglar. Siz Aziz Ustozlar bergan fatvo menga bu dunyoda odamlarni oldida, Qiyomat Kunida Alloh Ta'oloni huzurida dalil bo'ladi. O'zim ham xotirjam bo'laman, nasib. Alloh Subhanahu va Ta'olo qilayotgan xizmatlaringizdan rozi bo'lsin. O'zi ilmlaringizni ziyoda qilsin. O'zi kuch-quvvat bersin.
Va alaykum assalom va rohmatullohi va barokatuh. Amiyn, duoingizni Alloh taolo ijobat qilsin. Dinimizda nasl-nasab masalasiga jiddiy e'tibor beriladi. Inson otasi bo'lmagan kishini otam deb da'vo qilishi yoki birovning farzandini mening bolam deb da'vo qilishi harom hisoblanadi. Dinimizda farzand boqib olish mumkin, ammo bunda o'zining haqiqiy farzandi deb da'vo qilishga ruxsat etilmaydi. Shuning uchun asl ota-onangiz kim bo'lsa, o'shalar hali ham sizga ota-onadir. Boqib tarbiya qilgan kishilar esa sizga haqiqiy ota-ona emas, balki tarbiya qiluvchilardir. Albatta, ularning ham sizga katta mehnati ketgan, boqib tarbiya qilgan. Ularning ham hurmatini qiling, xizmatini qiling, roziligini olishga harakat qiling. Ammo ota-ona hukmlari haqiqiy ota-onangizga tegishli bo'ladi. Merosni ham asl ota-onangizdan olasiz. Boqib katta qilganlardan meros olmaysiz. Albatta, ular o'z mol-mulklarini sizga vasiyat qilishi yoki vafot etishidan avval sizga hadya qilishi mumkin. Siz asl ota-onangizni “dada”, “oyi” deb chaqiring. Agar bunday qilishingiz boqqan otangizga og'ir botadigan bo'lsa, vaziyatni muloyimlik bilan tushuntiring, maqsadingiz boqqan otangizdan uzoqlashish yoki qilgan yaxshiliklariga ko'rnamaklik qilish emas, shariatning hukmiga bo'ysunish ekanini bildiring. Boqqan otangiz bilan avval qanday munosabatda bo'lgan bo'lsangiz, bu yog'iga ham o'sha holatda davom etishingizni, hech narsa o'zgarmasligni tushuntiring. Boqib katta qilgan kishini ham hurmat ma'nosida “dada” deb chaqirishingiz mumkin. Ammo haqiqiy otam deb da'vo qilinmasligi kerak. Hadisda qaytarilgani birovni “ota” deb chaqirish emas, balki “otam” deb da'vo qilishdir. Familiya va ochestvoni iloji bo'lsa, o'z holiga qaytaring. Ammo bu sizga ortiqcha tashvish keltiradigan, katta mashaqqat tug'diradigan bo'lsa, hozirgi holida qolishiga ruxsat etiladi, ammo asl ota-onam shular deb da'vo qilmaslik sharti bilan. Bu shunchaki, rasmiyatchilik uchun, hujjat uchun bo'ladi. Ammo atrofingizdagilar asl ota-onangiz kim ekanligini bilishi kerak. Turmush qurayotganda ham buni aytish lozim. Vallohu a'lam.