Ayni paytda karantin sababli masjidlarga, jamoat namozlariga chiqishning imkoni yo‘q. Shunga televizor yoki radiodan imomga iqtido qilib jamoat yoki juma namozini o‘qish joizmi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Radio yoki televizor orqali imomga iqtido qilib, juma yoki besh vaqt farz namozlarini o‘qish durust emas. Chunki, bu holatda imomga iqtido qilish shartlari topilmaydi. Ushbu shartlar haqida Ibn Nujaym rahmatullohi alayhning “Al-Ashboh van-nazoir” kitoblarida shunday deyilgan:
المانع من الاقتداء: طريق تمر فيه العجلة أو نهر تجري فيه السفن أو خلاء في الصحراء يسع صفين والخلاء في المسجد لا يمنع وإن وسع صفوفا لأن له حكم بقعة واحدة ( كتاب "الأشباه والنظائر" للإمام ابن نجيم الحنفي).
ya’ni: “Imomga iqtido qilishga mone’lik qiluvchi narsa: imom bilan iqtido qiluvchining o‘rtasida arava sig‘adigan yo‘l bo‘lishi yoki qayiq suzadigan katta anhor bo‘lishi yoki (masjid bo‘lmagan) ochiq joydagi imom bilan muqtadiy o‘rtasida ikki saf sig‘adigan bo‘shliq bo‘lishidir. Ammo masjid ichida ikki safdan ortiq bo‘sh joy qolishining zarari yo‘q, chunki, masjidning ichi bitta joy hisoblanadi ” (“Al-Ashboh van-nazoir” kitobi).
Demak, yuqoridagi masaladan iqtido durust bo‘lishi uchun imom bilan unga ergashuvchining makoni bitta bo‘lishi, ya’ni bir joyda turishi shart qilinmoqda.
Bu haqda “Badoye’us sanoye’” kitobida quyidagi matn keltirilgan:
اتحاد المكان من شرائط صحة الاقتداء ليثبت اتحاد الصلاتين تقديرا بواسطة اتحاد المكان .(كتاب "بدائع الصنائع" للإمام أبو بكر الكاساني الحنفي)
ya’ni: (Imom bilan iqtido qiluvchining) bitta joyda turishi iqtidoni durust bo‘lish shartlaridandir. Chunki joy bitta bo‘lishi vositasida go‘yo imom va iqtido qiluvchining namozlari ham birlashishi yuzaga chiqadi.
Bu mavzuda “Raddul muhtor” kitobida shunday deyilgan:
وَإِنْ قَامَ عَلَى سَطْحِ دَارِهِ وَدَارُهُ مُتَّصِلَةٌ بِالْمَسْجِدِ لَا يَصِحُّ اقْتِدَاؤُهُ لِأَنَّ بَيْنَ الْمَسْجِدِ وَبَيْنَ سَطْحِ دَارِهِ كَثِيرَ التَّخَلُّلِ فَصَارَ الْمَكَانُ مُخْتَلِفًا (كتاب "رد المحتار" للإمام محمد أمين ابن عابدين الحنفي)
ya’ni: “Agar kishi masjidga qo‘shilgan hovlisida turib, masjiddagi imomga iqtido qilsa, iqtidosi durust bo‘lmaydi. Chunki, masjid bilan hovlining o‘rtasini ajratuvchi narsalar ko‘p. Natijada, imom bilan iqtido qiluvchining makoni (bitta bo‘lmasdan) turlicha bo‘lib qoladi”.
Bu masala xuddi shu mazmunda “Fatovoi Qozixon” va “Xulosatul fatovo” kitoblarida ham zikr qilingan.
Demak, yuqoridagi masalalardan ham imom va muqtadiyning namoz o‘qiyotgan joyi bitta bo‘lishi shart ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Hakimul umma Ashraf Ali Tahonaviy rahmatullohi alayh “Al-Muxtasar fil-fiqhil hanafiy” kitoblarida quyidagi ma’lumotlarni bayon qilganlar:
للجماعة شروط لا تصح بدونها ومنها: اتحاد مكان الإمام والمأموم. سواء كان الإتحاد حقيقة بأن كانا في مسجد أو في بيت أو حكما بأن كان الإمام في جانب النهر وفوق النهر جسر وبعض المقتدين على الجسر وبعضهم على الجانب الآخر من النهر فالذين على الجانب الآخر من النهر: مكانهم ومكان الإمام غير متحد حقيقة لحيلولة النهر بينهم وبين الإمام ولكنه متحد حكما لأن الجسر فوقه صفوف فالصفوف متصلة بين الإمام وبينهم فبسبب اتصال الصفوف حكمنا بأن المكان متحد ( كتاب "المختصر في الفقه الحنفي" للإمام أشرف علي التهانوي الحنفي).
ya’ni: “Jamoat namozining o‘ziga yarasha shartlari bor. Ular topilmasa, jamoat durust bo‘lmaydi. U shartlaridan biri – imom va iqtido qiluvchilarning bir joyda bo‘lishidir. Bir joyda bo‘lish haqiqiy bo‘lishi mumkin, masalan, imom va iqtido qiluvchi bir masjid yoki xona ichida bo‘lishi kabi. Yana bir joyda bo‘lish hukman (go‘yo bir joyda turgandek hukmda) bo‘lishi mumkin, masalan, imom ariqning bir tarafida turadi-da, ariqning ustida ko‘prik bo‘lib, ba’zi iqtido qiluvchilar ko‘prikning ustida saf tortgan bo‘ladi. Qolganlari ariqning boshqa tarafi (imom bo‘lmagan tarafi)dan turib iqtido qiladi. Ular bilan imomning o‘rtasini ariq ajratib turgani uchun imom bilan haqiqatan bir joyda turishipti deyilmaydi, balki ularning o‘rtalarini ko‘prikni ustida saf tortganlar ulagani sababli, o‘rtada ariq bo‘lsa-da imom bilan hukman bir joyda turibti, deb hisoblaymiz”.
Demak, imom bilan muqtadiylar o‘rtasida katta ariq bo‘lsa, agarchi imomni ko‘rib tursalar ham, saf uzilib qolgani uchun namozlari durust bo‘lmaydi. Demak, iqtido qilish uchun imomni ko‘rib tirishni o‘zi kifoya qilmaydi. Lekin, o‘rtalarida ko‘prik bo‘lib, ko‘prik orqali saflar bir-biriga ulanib ketsa, iqtido qiluvchilarning namozlari durust bo‘ladi. Sababi ko‘prik ustidagi saflar sababli ularning joyi bitta joy hukmini oladi.
Radio orqali imomga iqtido qilish masalasiga Misr muftiysi Shayx Ali Jum’a hafizahulloh shunday javob berganlar:
إن علماء المذاهب الأربعة يقولون بوجوب الاتصال لتصح الإمامة، والشخص الذي يتم نقل صلاته بالمذياع، يُصلي في مكان بعيد كل البُعد عن مكان المُصلين، بما يقطع الاتصال بين الإمام والمُصلين، فلا تصح الصلاة، أما إذا كان بُعد المُصلين عن الإمام على سبيل الكثرة حيث أنهم متصلين وممتدين إلى أبعد مكان، فإنه في هذه الحالة تصح صلاتهم
ya’ni: “To‘rt mazhab ulamolari imomlik durust bo‘lishi uchun iqtido qiluvchi bilan imom bir joyda turishini shart qilganlar. Endi namozini radio orqali tarqatayotgan kishi (ya’ni imom) unga iqtido qiluvchilarning joyidan juda uzoqda turadi. Natijada, imom bilan iqtido qiluvchilarning o‘rtalari uziladi va iqtido qiluvchilarning namozlari durust bo‘lmaydi. Ammo, iqtido qiluvchilar qancha ko‘p va imomdan qancha uzoqda bo‘lsa ham o‘rtalari uzilmagan va (saflar) bir-biriga ulangan bo‘lsa, bunday holatda iqtido qiluvchilarning namozlari durust bo‘laveradi”.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, yuqoridagi fiqhiy kitoblar va ulamolarimizning so‘zlariga binoan, iqtido durust bo‘lishi uchun imom va iqtido qiluvchi bir joyda bo‘lishi shartdir. Radio yoki televizor orqali imomga iqtido qilishda esa bu shart topilmaydi.
Qolaversa, bunda shariatimizning jamoat namozidan ko‘zlangan asl maqsadi topilmay qoladi. Chunki, jamoatdan ko‘zlangan maqsad – ko‘pchilik musulmonlarni bir joyga jamlash, ular o‘rtasida birodarlik va ittifoqlik g‘oyasini targ‘ib qilish, o‘zaro hamdard bo‘lish kabi bir qancha ezgu ishlardir. Islom dinining avvalidan hozirgacha shu qoidaga hamma amal qilib kelgan. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.