Musofir kishiga qurbonlik qilish vojib bo‘ladimi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Musofir kishi garchi boy bo‘lsa-da, uning zimmasiga qurbonlik so‘yish vojib bo‘lmaydi (“Al-Fatovo al-hindiyya” kitobi).
Demak, qurbonlik so‘yish vojib bo‘lgan kunlarda boy kishi musofir bo‘lib qolsa, unga qurbonlik qilish vojib emas. Musofirligi sabab qurbonlik qilmagani uchun gunohkor bo‘lmaydi. Mabodo, musofirligiga qaramasdan qurbonlik so‘yaversa, qurbonlikning savobiga erishadi.
Shuni ham ta’kidlash kerakki, musofir kishiga qurbonlik so‘yish vojib bo‘lmasligi uchun shar’an musofir bo‘lishi kerak. Ya’ni, bir kishi uch kecha-kunduzlik (≈96 km) masofani niyat qilib, o‘z shahridan chiqsa va 15 kundan oz muddatda uyiga qaytish rejasi bo‘lsa yoki qachon qaytishi noma’lum bo‘lsa, shar’iy musofir bo‘ladi va bunday kishiga qurbonlik so‘yish vojib bo‘lmaydi. Ammo musofir yurtda 15 kun yoki undan ortiq muddat turishni niyat qilgan kishi shar’iy musofir bo‘lmaydi, balki muqim (musofir bo‘lmagan kishi) bo‘ladi. Bunday kishi boy bo‘lsa, albatta, qurbonlik so‘yishi vojib bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.