MUSOFIR NIYATINING O‘ZGARISHI

ID: 33

04.04.2025

86

Savol:

20 kunni niyat qilib, safarga chiqdim. Yetib borgach, ikki kun namozlarimni muqim bo‘lib, to‘liq o‘qidim. Keyin o‘n kundan keyin uyga qaytadigan bo‘lib qoldim, ya’ni jami o‘n ikki kun turadigan bo‘lib qoldim. Endi qolgan kunlarda namozlarni qasr qilib o‘qiymanmi yoki to‘liqmi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Kamida 15 kun turishni niyat qilib safarga chiqqan kishi, keyinchalik kamroq muddat turishi ma’lum bo‘lib qolsa ham to ortga qaytib yo‘lga tushmagunga qadar namozni to‘liq o‘qishda davom etadi. Bu borada fiqhiy kitoblarimizda shunday deyilgan:

وَلَا يَصِيرُ مُسَافِرًا بِالنِّيَّةِ حَتَّى يَخْرُجَ

“(Muqim kishi turgan shahridan) chiqmagunicha safarga chiqishni niyat qilishning o‘zi bilan musofirga aylanmaydi” (“Fatavoi Olamgiriyya” kitobi).

Demak, siz ham ana shunday qilasiz. Chunki siz 20 kun turishni niyat qilib kelganingiz uchun muqim bo‘lib qolgansiz. Muqimlikda turgan inson esa safar qilish niyatining o‘zi bilanoq musofirga aylanib qolmaydi, balki turgan shahridan chiqishi ham kerak bo‘ladi. Shuning uchun siz o‘sha yerda 10 kundan keyin qaytsangiz yo‘lda qasr qilib o‘qiysiz. Ungacha namozlarni to‘liq o‘qishda davom etasiz. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar